Filialda kompleks davlat akkreditatsiyasi doirasida o‘rganishlar yakunlandi

Filialda kompleks davlat akkreditatsiyasi doirasida o‘rganishlar yakunlandi

Xabaringiz bor, 22–24-sentabr kunlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida kompleks davlat akkreditatsiyasi doirasida o‘rganish ishlari olib borildi. Ushbu jarayon haqida rasmiy kanalimiz orqali batafsil ma’lumotlar berib borildi.
Uch kun davomida ekspertlar tomonidan filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilangan mezonlar asosida joyiga chiqib o‘rganildi.

Ta’lim jarayoni va ta’lim sifati, ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar faoliyati, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat, xalqaro hamkorlik, kadrlar salohiyati, talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.Jarayon davomida mas’ullar bilan suhbatlar o‘tkazilib, zarur ma’lumotlar o‘rganildi.
Shuningdek, talabalar, bitiruvchilar, ish beruvchilar, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi hamda talaba-koordinatorlar bilan suhbatlar tashkil etildi.


Filialning moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayoni uchun yaratilgan sharoitlar va talabalar turar joyidagi holat ham bevosita o‘rganildi. Yakuniy yig‘ilishda ekspertlar tomonidan uch kunlik o‘rganishlar yuzasidan yakuniy fikr va mulohazalar bildirildi.

Shu bilan ekspertlarning filialga tashrifi va joyiga chiqib o‘rganish bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Biroq kompleks davlat akkreditatsiyasi jarayoni shu bilan to‘liq yakunlangan emas. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari belgilangan tartibda umumlashtiriladi va akkreditatsiya bo‘yicha yakuniy xulosa keyingi bosqichda rasmiylashtiriladi.


Filialda o‘tkazilgan uch kunlik o‘rganishlar davomida ta’lim sifati va faoliyatning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud holatga baho berish uchun zarur ma’lumotlar jamlandi. Endilikda jarayonning keyingi bosqichlari doirasida tegishli ishlar davom ettiriladi.