O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI SAMARQAND VETERINARIYA MEDISITNASI INSTITUTINING TOSHKENT FILIALINI TASHKIL ETISH TO‘GʻRISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI SAMARQAND VETERINARIYA MEDISITNASI INSTITUTINING TOSHKENT FILIALINI TASHKIL ETISH TO‘GʻRISIDA

Toshkent shahri va Toshkent viloyati, shuningdek, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida veterinariya xizmati va chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish hamda naslchilik-seleksiya ishlarini amalga oshirish uchun malakali mutaxassislar bilan ta’minlash vazifalarini kechiktirmay hal etish borasida qator dolzarb masalalar mavjud.

Xususan, Farg‘ona (148 nafar), Namangan (99 nafar), Andijon (35 nafar) va Toshkent (136 nafar) viloyatlari hamda Toshkent shahri (25 nafar) veterinariya xizmatlarida jami 450 nafardan ziyod oliy ma’lumotli mutaxassis yetishmasligi sababli ularning o‘rniga o‘rta maxsus ma’lumotli yoki nafaqa yoshidagi mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish hamda idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etishda ham oliy ma’lumotli malakali kadrlarga ehtiyoj yuqoriligi sezilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2019 yil 28 martdagi PQ-4254-son qarori ijrosini ta’minlash hamda hududlardagi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirish, veterinariya uchastkalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, sohani ilm-fan yutuqlari asosida tashkil etish, ilmiy asoslangan innovasion uslublarni joriy etish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishni yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2019 yil 28 martdagi PQ-4254-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq Samarqand veterinariya medisinasi institutining Toshkent filiali (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojiga muvofiq veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yangi va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;

veterinariya va chorvachilik ta’limi mazmunida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, innovasion g‘oyalar va ishlanmalar, yuqori unumli va resurs tejamkor texnologiyalar asosida bilim berish, o‘quv-laboratoriya bazasini rivojlantirish, ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash;

xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini jalb etgan holda, veterinariya va chorvachilik sohalari bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish, o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;

professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati, kasbiy bilim darajasi, shuningdek, amaliy tajribasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirishda xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasidan keng foydalanish, xorijiy ilmiy va oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va pedagog kadrlarning malakasini oshirish va tajriba orttirishini tashkil etish;

veterinariya va chorvachilik sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda sohaning ilmiy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovasion izlanishlarni amalga oshirish;

chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, dastlabki qayta ishlash, sotishga ixtisoslashgan hamda naslchilik-seleksiya faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bazasida talabalarning amaliyotlarini tashkil etish;

respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

3. Samarqand veterinariya medisinasi institutining Toshkent filialida kadrlar tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

Filial Samarqand veterinariya medisinasi institutining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida zarur shaxsiy hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Filialda o‘qitish moslashtirilgan o‘quv rejalar va dasturlar asosida tashkil etiladi;

Filialda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Samarqand, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi faoliyati maqbullashtirilayotgan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi kollejlarning veterinariya va chorvachilik sohasiga oid o‘quv laboratoriyalari, tegishli o‘quv jihozlarini Samarqand veterinariya medisinasi instituti va uning filiallariga berish bo‘yicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

Filialda o‘quv-metodik jarayonning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Filialda axborot-resurs markazini tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan qo‘shimcha o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

Oldingi tahrirga qarang.

7. Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Toshkent viloyati, Zangiota tumani, O‘rtaovul QFY, Amir Temur ko‘chasida joylashgan Zangiota tumani agroservis kasb-hunar kollejining bino va inshootlarinitegishli hududi (asosiy vositalari) bilan birgalikda Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 dekabrdagi 1044-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2019 y., 09/19/1044/4240-son)

8. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialni saqlash xarajatlarini 2019 yilda «Maorif» sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2020 yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.

10. Filialga 2 ta yengil xizmat, shu jumladan 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarga binoan 2022 yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investisiya dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Filialning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash loyihalari ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsinlar.

12. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2019 yil 3 oktyabr,

840-son

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 oktyabrdagi 840-son qaroriga

ILOVA

Самарқанд ветеринария медицинаси институтининг Тошкент филиалида кадрлар тайёрлаш бўйича бакалавриат таълимининг асосий йўналишлари

РЎЙХАТИ

Shifr

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi nomi

 
 
 

5410600

Zooinjeneriya (turlari bo‘yicha)

 

5440100

Veterinariya medisinasi (turlari bo‘yicha)

 

5440400

Veterinariya — sanitariya ekspertizasi

 

5440300

Veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari

 

 

 

Foydali Manzillar