Akademik ta'til nizomi

Akademik ta'til nizomi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qaroriga

1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish va akademik ta’tildan so‘ng ularning o‘qishini davom ettirish tartibini belgilaydi.

2. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:

harbiy xizmatni o‘tash uchun;

salomatligini tiklash uchun;

homiladorlik va tug‘ish uchun;

bolalarni parvarish qilish uchun;

oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.

3. Akademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:

harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;

homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga;

salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga (agar mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq talaba akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilsa, navbatdagi semestrning boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga). Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.

4. Talabaga akademik ta’til berilishi uni oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.

5. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.

2-bob. Akademik ta’til berish

6. Akademik ta’til olish uchun talaba (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra talaba shaxsan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘i) tomonidan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.

7. Akademik ta’til olishni so‘rab murojaat qilgan talabaning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;

salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;

oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.

8. Talaba surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, talaba yoki uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘ining arizasiga asosan talabaga akademik ta’til berilishi mumkin. Bunda, akademik ta’til muddati o‘tishining boshlanishi talaba darslarda qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.

9. Talabaga salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilning berilishi mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan Oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.

10. Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.

11. Akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin.

Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi.

Talabaning o‘qishini akademik ta’til muddatiga ta’limning eksternat ta’lim shakliga o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

talabalar o‘qishining akademik ta’til muddatiga eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining (magistratura mutaxassisliklarining) xususiyatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi;

akademik ta’til muddatiga o‘qishni eksternat ta’lim shakliga o‘tkazish bo‘yicha arizalar 15 kun muddatda oliy ta’lim muassasasi kengashida ko‘rib chiqiladi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishining (magistratura mutaxassisligining) xususiyatlaridan kelib chiqib, talabaning belgilangan muddatga eksternat ta’lim shaklida o‘qishi maqsadga muvofiq yoki maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha qaror qabul qilinadi;

oliy ta’lim muassasasi kengashining qarori besh kun muddatda ariza muallifiga (talabaga) ma’lum qilinadi;

oliy ta’lim muassasasi kengashining qaroriga asosan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan akademik ta’til muddatiga eksternat ta’lim shaklida o‘qishga ruxsat etilgan talaba tomonidan akademik ta’tildan qaytgandan so‘ng muayyan o‘quv semestrida (semestrlarida) o‘qitilgan fanlar bo‘yicha bir martalik imtihonlar topshiriladi;

imtihonlar oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga asosan fanlar bo‘yicha tashkil etilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi;

imtihonlar natijalariga ko‘ra barcha fanlardan talaba ko‘rsatkichi belgilangan o‘tish balidan yuqori bo‘lgan taqdirda talabaga navbatdagi o‘quv semestridan (kursdan) o‘qishini davom ettirishiga ruxsat etiladi;

imtihonlar natijalariga ko‘ra bir yoki undan ko‘p fanlardan talaba ko‘rsatkichi belgilangan o‘tish balidan past bo‘lgan taqdirda talabaning o‘zlashtirilmagan o‘quv semestrining boshidan o‘qishini davom ettirishi belgilanadi.

Mazkur bandda nazarda tutilgan tartib harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til berish holatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

12. Salomatligini tiklash yoki oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalarda homiladorlik va tug‘ish holatlari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug‘ish uchun mazkur Nizomda belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.

Talabaning salomatligi yoki oilasining betob a’zosi salomatligi tiklanmaganda talabaning arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i asosida akademik ta’til muddati ushbu toifadagi holatlar uchun belgilangan muddatlarga uzaytiriladi.

13. O‘quv semestri yakunlanishiga bir oy muddat qolgandan boshlab mazkur semestr uchun turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi Hukumat qarorlari va topshiriqlariga muvofiq xorijiy davlatga uzoq muddatli xizmat safariga yuborilganligi sababli talabaga uning arizasiga asosan alohida grafik asosida darslarni o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Navbatdagi semestrda ushbu talaba dars mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etishi yoki akademik ta’til olishi yoki o‘z arizasiga ko‘ra talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin.

3-bob. Akademik ta’tildan qaytish

14. Talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab bir oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab oliy ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.

15. Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.

Talaba akademik ta’tildan belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.

16. Agar akademik ta’til davrida talaba tahsil olgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) tugatilgan bo‘lsa, talabaning o‘qishini mazkur oliy ta’lim muassasasining turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha, agar bunday bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) mavjud bo‘lmasa, turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga (magistratura mutaxassisligiga) ko‘chirib tiklash masalasi ariza bilan birga ko‘rib chiqiladi va Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda hal etiladi.

17. Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalar kamida keyingi o‘quv yilining talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanishi muddatiga o‘qishga qaytishi mumkin.

18. Akademik ta’tildan qaytish bo‘yicha talabaning murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi va uning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qaytishi to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i rasmiylashtiriladi.

Ushbu buyruqda talaba akademik ta’tildan qaytgandan so‘ng o‘qiydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), o‘quv kursi va guruhi ko‘rsatiladi.

19. Akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari o‘zlashtirilgan fanlarni qayta o‘zlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.

20. Akademik ta’til muddati tugagandan so‘ng o‘qishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtiriladi.

Ushbu band talablari o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

21. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomga

ILOVA

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar

RO‘YXATI

1. Sil kasalligining faol va asoratlangan shakllari.

2. Surunkali kechuvchi o‘pkaning nospetsifik kasalliklari bilan bog‘liq yurak-o‘pka faoliyatlari yetishmovchiligi (III daraja).

3. II va III darajali surunkali qon aylanishi buzilishi (Nyu-York klassifikatori bo‘yicha III va IV daraja) bilan kechuvchi yurak klapanlari va mushaklarining organik o‘zgarishlari.

4. II va III darajali qon bosimining oshishi, tez rivojlanuvchi qon bosim oshishi (xavfli gipertoniya).

5. Hayot uchun xavfli yurak ritmi va o‘tkazuvchanlikning buzilishi bilan kechuvchi holatlar (MAS sindromi, AV qamal II-III darajasi, sinus tuguni zaifligi sindromi, yurak qisqarish soni kunduzi bir minutda 50 va undan past bo‘lsa, nomuqim gemodinamika bilan kechuvchi paroksizmal taxikardiyalar (SAB 90 mm simob ustunidan past holat).

6. Barcha bosqichdagi xavfli o‘sma kasalliklari (2 yil oldin radikal davolanganlar bundan mustasno).

7. Turg‘un buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi buyrak va boshqa a’zolar kasalliklari.

8. Statsionar sharoitida davolanish talab etiladigan oshqozon-ichak tizimi yara va yallig‘lanish kasalliklarining o‘tkir davri.

9. Og‘ir va qo‘shma travmatik shikastlanishlar.

10. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolanish va reabilitatsiya qilish zarur bo‘lgan turli etiologiyalik jigar kasalliklari va surunkali pankreatit (surunkali gepatitlar, jigar tsirrozi).

11. Endokrin kasalliklarining og‘ir shakli (akromegaliya, diffuz toksik buqoq, buyrak osti bezining yetishmovchiligi, gipoterioz, qandli diabet kasalligining birinchi turi, Itsenko-Kushing kasalligi).

12. Qon tizimi kasalliklari:

a) o‘tkir va surunkali leykozlar;

b) Idiopatik trombotsitopenik purpura;

v) aplastik anemiya.

13. Asab sistemasi surunkali organik kasalliklarining asoratlari natijasida aql zakovatning chuqur va turg‘un buzilishi hamda psixopatik buzilishlar.

14. Shizofreniya barcha turlarining xuruj davri.

15. Tez-tez takrorlanuvchi tutqanoqli, tutqanoqsiz va psixomotor xurujlari bilan, shuningdek, hushning xiralashuvi va og‘ir disforiya bilan kechuvchi epilepsiya, shu jumladan:

a) kam takrorlanuvchi xurujlar bilan shaxsning chuqur o‘zgarishi va aql-zakovat buzilishi bilan kechuvchi epilepsiya;

b) epileptik psixozlar.

16. Tez-tez xurujlanuvchi siklotimiya, maniakal depressiv psixoz va tez-tez takrorlanuvchi maniakal depressiv holatlar.

17. Psixopatiyaning tez-tez dekompensatsiyalanishi bilan kechuvchi turlari.

18. Og‘ir, surunkali kechuvchi teri kasalliklari:

a) asoratlangan psoriaz;

b) pursildoq yara;

v) Layell sindromi;

g) Stivens-Jonson sindromi.

19. Zaxmning yuqumli bosqichi.

20. Traxomaning I, II va III darajalari.

21. Giyohvandlik, toksikomaniyaning barcha turlari (tamakiga tobelik bundan mustasno).

22. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV).

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qaroriga

2-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar

36-bandda:

a) “v” kichik bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;

b) o‘n birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida hamda oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun talabaga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda akademik ta’til berilishi mumkin”.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/344/0521-son)

Foydali Manzillar