O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar

O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar

1. Filial ta’lim belgilangan tartibda tasdiqlangan mutaxassislik va ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo‘shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi.

2. Filial ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini bir bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat.

Bakalavriat – ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, qonunchilikda ko‘zda tutilgan muddatlardan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

Bakalavr davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan ta’lim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish yoki egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beradi.

Filialda kadrlar tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari quyidagicha:

5410600 Zooinjeneriya (turlari bo‘yicha);

5440100 Veterinariya meditsinasi (turlari bo‘yicha);

5440400 Veterinariya – sanitariya ekspertizasi;

5440300 Veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari

3. Filialda ta’lim jarayonini tashkil etish, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fanlarning dasturlari, Filial direktori yoki o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan yillik kalendar o‘quv jadvali hamda mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.

Ta’lim jarayonini maqsadli yo‘naltirish yo‘li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo‘li bilan institut filiali talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zaruriy sharoitlar yaratib berilishi lozim.

Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi. Filialning ijtimoiy – iqtisodiy va gumanitar fanlar kafedralari, ma’naviy-ma’rifiy va sport bo‘g‘inlariga, talabalar va boshqa jamoatchilik tashkilotlariga, rahbarlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.

4. Filialda o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, yakka mashg‘ulot, nazorat ishi, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bitiruv malakaviy ishi. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 80 daqiqalik (tanaffussiz qo‘shma ma’ruza) akademik soatlar belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.

Ta’lim va tarbiya olib boriladigan tillar: o‘zbek, rus va ingliz tillari hisoblanadi.

5. Filialda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi. Filialning asosiy kasbiy ta’lim dasturi doirasida ta’lim olishning barcha shakllari uchun o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “O‘zstandart” agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ta’lim yunalishining davlat ta’lim standarti qo‘llaniladi.

6. Filialda o‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi va uning har birida talabalarning o‘zlashtirishi nazorat ishlari shaklida olib boriladi.

O‘zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o‘tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan filial direktori buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o‘tkazish mumkin emas.

Filialning ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish 2018 yil 26 sentyabrda 3069-son bilan davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq tartibga solinadi hamda 2009 yil 5 iyunda 1963-son bilan davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizomga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi bilan tugallanadi.

7. Filialda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo‘llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.

8. Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015 yil 20 avgustdagi 242-son hamda “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil
26 sentyabrdagi 278-son qarorlariga muvofiq kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Filialning professor-o‘qituvchilari Institut va boshqa oliy ta’lim muassasalarida (ixtisosligi bo‘yicha) qayta tayyorlashdan o‘tadi va malakasini oshiradi.

9. Filialda Kengash tomonidan tasdiqlangan mavzular, rejalar bo‘yicha bajariladigan ishlarning sifati hamda mehnat xavfsizligi ta’minlangan holda talabalar, katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar keng jalb etilib, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar olib boriladi.

Ilmiy-tadqiqotlar quyidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi:

fan, texnika va madaniyatning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni bajarish uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag‘lari;

shartnoma asosida sohaviy vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar va boshqalar, shu jumladan xorijiy tashkilotlar mablag‘lari;

olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish asosidagi tushumlar;

byudjetdan tashqari mablag‘lar;

homiy tashkilot va korxonalar;

mahalliy byudjet mablag‘lari.

Foydali Manzillar