Filialning tarixi

Filialning tarixi

Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali
tashkil etilishi tarixi

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktabrdagi 840-sonli qaroriga ko‘ra Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filiali tashkil etilgan. Filialda 2020-2021-o‘quv yilidan bakalavriat bosqichida 6 ta ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalar qabul qilinib o‘quv jarayonlari boshlandi. 2021-2022-o‘quv yilidan 9 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv jarayonlari boshlanib, 2022-2023-o‘quv yilida 60 nafar magistratura bosqichi mutaxassislari tayyorlandi.
  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi PQ-187-son qaroriga asosan, Filialga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali maqomi berildi.
  2024-2025-o‘quv yilida jami 2671 nafar talabalar tahsil olishmoqda. Undan bakalavriat bosqichining kunduzgi ta'lim shaklida 852 nafar, kechki ta'lim shaklida 323 nafar, sirtqi ta'lim shaklida 1466 nafar talabalar tahsil olishayotgan bo‘lsa, 30 nafar talaba magistratura mutaxassisliklarida ta'lim jarayonlarini davom ettirmoqda.  

    Filialda ta'lim jarayonlari 2 ta hududda joylashgan o‘quv binolarda olib borilmoqda. Jumladan Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan sobiq Toshkent transport kolleji binosida Texnologiyalar hamda Iqtisodiyot fakultetlari joylashgan bo‘lib, 445 nafar talaba kunduzgi va 337 nafar talaba kechki ta’lim shakllarida tahsil olmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida joylashgan sobiq Agroservis kasb-hunar kolleji binosida Veterinariya medisinasi fakulteti hamda Sirtqi bo‘lim joylashgan bo‘lib, 409 nafar talaba kunduzgi ta’lim shaklida, 1475 nafar talaba sirtqi ta’lim shaklida tahsil olmoqda.
    2023-2024-o‘quv yilida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida veterinariya meditsinasi yo‘nalishida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari orasida ilk marta bakalavriat 3-4-bosqich talabalari o‘rtasida “Competence” amaliy keyslar chempionati tashkil qildi. Bu tadbir talabalar uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda sinovdan o‘tkazish va ularning malakalarini yanada takomillashtirishga imkon berdi. Talabalar amaliy keyslar chempionatda o‘qish davomida orttirgan tajribalarini namoyish qilib, ish beruvchilarning talablariga mos keluvchi mutaxassis sifatida shaklanganliklarini namoyon qildilar. Filialda “Competence” amaliy keyslar chempionati o‘tkaziliashi talabalarining kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini oshirib, ularning ishlab chiqarish jarayoniga tez moslashishiga yordam berdi. Ish beruvchi veterinariya klinikalari, hayvonlar parvarishi korxonalari, qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq davlat va xususiy tashkilotlar, shuningdek ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari bilan o‘tkazilgan bunday tadbirlar ta’limning amaliy tomonini kuchaytirishga katta hissani qo‘shdi.

 

 

    Filialda ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etish maqsadida 2023-2024-o‘quv yilida o‘quv binolari kapital ta’mirlandi. Talabalar uchun yaratilgan qulayliklar ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘ldi. Bundan tashqari, joriy yangi o‘quv yili boshida Filialda ta’lim sifatini oshirish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlash, ilmiy laboratoriyalar bilan ilmiy-texnik hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda ish beruvchi korxona va tashkilotlar uchun zamonaviy, ilg‘or bilimlarga ega yosh kadrlarni yetishtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida qo‘shimcha 5 ta laboratoriyalar tashkil qilinib zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi. Jumaladan, “Mikrobiologiya va virusologiya” laboratariyasi, “Epizootologiya va PSR, IFA” laboratoriyasi, “Kichik xirurgiya” laboratoriyasi, “Veterinariya sanitariya ekspertizasi” laboratoriyasi, “Veterinariya farmakologiyasi va toksikologiyasi” laboratoriyalari dars va darsdan tashqari vaqtlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun professor-o‘qituvchi va talabalar ixtiyoriga topshirildi.

 

 

    Filialda yangi 2024-2025-o‘quv yildan boshlab ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, ochiq darslar va seminar-treninglar orqali ilmiy muhitni mustahkamlash, shuningdek, talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, ular o‘rtasida ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kafedra oyligi” tizimi joriy etildi. Bu tizim orqali har oyda bir kafedra o‘z faoliyatini talabalarga tanishtiradi. Ularga amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib sohaning zamonaviy yutuqlarini namoyish qiladi. Hozirda bu jarayon talabalarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab o‘quv jarayonida qiziqishni oshirmoqda. “Kafedra oyligi” davomida ta’lim bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarni vatanparvar, maa’naviy va jismoniy barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida turli tadbirlar, uchrashuvlar va ma’naviy-ma’rifiy tarbiya yo‘nalishida loyihalar tashkil etilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar talabalarining shaxsiy rivojlanishiga katta hissani qo‘shmoqda. 
    Hozirgi kunda Filialda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida faoliyat olib borayotganlar soni ortib bormoqda. Jumladan, 50 nafar tayanch doktorant, 1 nafar doktorant, 5 nafar stajyor-tadqiqotchi hamda 40 nafar mustaqil izlanuvchilar turli ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqdalar. Ushbu tadqiqotchilar veterinariya meditsinasi, chorvachilik, biotexnologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida innovatsion loyihalar va ilmiy izlanishlar olib borib, milliy va xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlarda faol qatnashmoqdalar. Ular tomonidan qator muhim ilmiy maqolalar, tadqiqot natijalari va yangi texnologiyalar ishlab chiqilmoqda, bu esa sohaga amaliy hissa qo‘shmoqda. Filialda yaratilgan zamonaviy sharoitlar va laboratoriyalar doktorantlar va tadqiqotchilar uchun keng ilmiy imkoniyatlar yaratib, ularning ilmiy salohiyatini oshirish va yangi avlod olimlarini tayyorlashga xizmat qilmoqda.

10.12.2024 yangilandi

 

 

Foydali manzillar