Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


Veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servis sifatini oshirish, epizootik barqarorlikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan, hayvonlardan olinadigan raqobatdosh mahsulot va xomashyo ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, veterinariya xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, me’yoriy-huquqiy tartibga solishni ta’minlash, ushbu sohada davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;

veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, mamlakatimiz hududlariga hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta’minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarish;

epizootik barqarorlikni ta’minlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktik ishlarning samaradorligini monitoring qilish;

veterinariya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida davlat nazoratini ta’minlash, veterinariya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini sifatli va tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish va amalga oshirish;

hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, hayvonlardan olinadigan mahsulot va xomashyo xavfsizligini ta’minlashda idoraviy hamda ishlab chiqarish veterinariya xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati hamda muomalasi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

kadrlarni tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish, shu jumladan, tizimga qarashli idoralar, yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosi bo‘yicha ularning mas’uliyatini oshirish;

veterinariya sohasida ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;

xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda veterinariya xizmati faoliyatiga ilg‘or texnologiyalar va ish uslublarini joriy etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimida quyidagilar tashkil etilsin:

hududiy davlat veterinariya boshqarmalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari;

hududiy davlat veterinariya bo‘limlari bazasida tumanlar (shaharlar) veterinariya bo‘limlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobot beradilar.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

tumanlar (shaharlar) veterinariya bo‘limlari boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tuman (shahar) hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining raisi O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori, uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektorining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi veterinar mutaxassislari o‘z vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;

Davlat chegarasidagi va transportdagi davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshlig‘i davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektori, uning o‘rinbosarlari esa davlat chegarasidagi va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar veterinariya boshqarmalarining boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning o‘rinbosarlari esa tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining o‘rinbosarlari hisoblanadi;

tumanlar (shaharlar) veterinariya bo‘limlarining boshliqlari tegishli ravishda tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;

veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasining mudirlari tegishli ravishda uchastka va bozorlarda davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;

chegaradagi va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarning) boshliqlari va veterinar vrachlari tegishli ravishda chegaradagi va transportdagi veterinariya punktlarining (uchastkalarning) davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.

5. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi;

Davlat veterinariya xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ta’minlanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutini O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tuzilmasiga berish to‘g‘risidagi;

Epizootiyaga qarshi kurashish respublika ekspeditsiyasi va Hayvonlarning oqsil kasalligiga qarshi kurashish otryadi tugatilib, ularning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining Hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash boshqarmasi zimmasiga yuklash to‘g‘risidagi;

Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari bo‘yicha davlat laboratoriyasi, Parranda kasalliklari bo‘yicha davlat veterinariya laboratoriyasi va Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi negizida Respublika hayvonlar kasalliklari va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tashxis markazini tashkil etish to‘g‘risidagi;

Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasini Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalari sifati va muomalasini nazorat qilish davlat ilmiy markaziga aylantirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.


9. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 1-iyun

 

* * *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

«Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan

takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga

 

SHARH

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni yanada rivojlantirish, qoramol va parrandalar bosh sonini barqaror oshirishni ta’minlashda davlat veterinariya xizmati tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat veterinariya xizmati boshqaruv tuzilmasini oqilona tashkil etish, ilmiy-laboratoriya, moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatidan samarali foydalanish hayvonlarni kasalliklardan saqlash, respublikamizga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda, aholini odamlar va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan himoya qilishda hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda muhim institutga aylanadi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan rejali ishlar natijasida qoramollar soni 2,4 barobarga, qo‘y va echkilar soni 2 karraga, parrandalar soni 1,9-martaga o‘sishiga hamda go‘sht mahsulotlari hajmi 2,8 barobarga, sut 2,7-martaga, tuxum 3,3 barobarga oshdi.

Shu bilan birga, davlat veterinariya xizmati amaldagi tizimining tahlili sohada bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda, xususan:

davlat veterinariya xizmati sohasida ishlarning umumiy holati mamlakatimizning jadal sur’atlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlaridan va hozirgi zamonning hayvonlar sog‘lig‘i profilaktikasi hamda o‘z vaqtida va sifatli davolashni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy talablardan sezilarli darajada ortda qolmoqda;

tarmoqda yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmagan, uning moddiy-texnika bazasi ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan;

hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilish va davolashga ilmiy ishlanmalar va zamonaviy veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, innovatsion usullarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;

sohada kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida ilmiy-tadqiqot va oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.

Veterinariya sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, epizootik barqarorlik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, veterinariya servis xizmatlari sifatini oshirish va davlat veterinariya xizmatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etilib, uning quyidagi asosiy vazifa va yo‘nalishlari belgilandi:

veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va davlat dasturlarini ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy tartibga solishni ta’minlash, mazkur sohada davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro samarali hamkorligini muvofiqlashtirish;

hayvonlar yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish, tezkor aniqlash, tashxis qo‘yish va epizootik barqarorlikni ta’minlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini monitoring qilish;

hayvonlarni turli kasalliklardan saqlash, hayvonlardan olinadigan mahsulot va xomashyolar xavfsizligini ta’minlash sohasida idoraviy va ishlab chiqarish xizmatlari, shuningdek, xususiy veterinariya faoliyatini muvofiqlashtirish;

veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati hamda muomalasi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlarini belgilash, fundamental, amaliy va innovatsion ishlanmalarni veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish va bu maqsadlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilg‘or texnologiya va tajribalarni veterinariya sohasiga joriy qilish va boshqalar.

Davlat veterinariya qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari, shuningdek, hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning takomillashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

Veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqotlar hajmi, ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida mazkur farmonga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi;

Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari bo‘yicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi;

Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalari sifati va muomalasi nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi va bo‘linmalarining tuzilmasi, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, dasturda quyidagi vazifalar:

veterinariya qonunchiligini takomillashtirish va unga amal qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Davlat veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

veterinariya sohasida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar va veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini joriy etish;

amaldagi diagnostika usullari va vositalarini, hayvonlarni davolash va profilaktika qilishni takomillashtirish hamda aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni amalga oshirish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va qarorining amaliyotga tatbiq etilishi:

birinchidan, veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga;

ikkinchidan, veterinariya amaliyotining fan bilan o‘zaro samarali va faol hamkorligini ta’minlashga;

uchinchidan, mavjud kadrlar salohiyatining mustahkamlanishi va yuqori malakali kadrlar zaxirasini yaratishga;

to‘rtinchidan, hayvonlar sog‘lig‘i va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda soha faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga mustahkam zamin yaratadi.

 

Foydali Manzillar