Kechki ta'lim

Kechki ta'lim

 

SVMITF kechki ta'lim dekani: Yangiboev Abdumalik Eshmurodovich

Qabul vaqti: Dushanba, Payshanba 15:00-18:00.

Tel: (90) 120 66 17

 

 

 

Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialida 2021-2022 o‘quv yilida Biotexnologiya va kechki ta’lim fakultetiga talabalar qabul qilindi.

Oliy ta’lim muassasasida kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153-son qarori asosida oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Oliy ta’lim muassasalarida kechki (smenali) ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.

3. Ushbu Nizom sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasi va harbiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

2-bob. Kechki (smenali) ta’limga qabul qilish va o‘qitishni tashkil qilish

4. Kechki (smenali) ta’limga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

5. Kechki (smenali) ta’limda o‘qish muddati — kamida 4,5 yil.

6. Kechki (smenali) ta’limga kirgan shaxslarga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi.

7. Kechki (smenali) ta’lim talabalarini o‘quv-metodik adabiyotlar, o‘quv-metodik hujjatlar, tarqatma materiallar bilan oliy ta’lim muassasasi ta’minlaydi va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

8. Kechki (smenali) ta’lim talabalari oliy ta’lim muassasasining barcha o‘quv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda o‘quv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi.

9. Kechki (smenali) ta’limda o‘qish bo‘yicha oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati kunduzgi ta’lim bilan bir xil nisbatda belgilanadi.

10. Kechki (smenali) ta’lim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

11. Kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga hamda kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

3-bob. Kechki (smenali) ta’limda o‘quv jarayonini tashkil qilish

12. Kechki (smenali) ta’limda o‘quv jarayoni ta’lim sohalarining davlat ta’lim standartlari va tegishli ta’lim yo‘nalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.

13. Kechki (smenali) ta’lim ta’lim yo‘nalishlarining ishchi o‘quv rejasi va fan dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy ta’lim muassasalari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.

14. Kechki (smenali) ta’limda o‘quv jarayoni jadvali belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida ishlab chiqilgan ishchi o‘quv rejasi tarkibida qayd etiladi.

15. Kechki (smenali) ta’limda o‘quv jarayoni bir o‘quv yilida ikki semestrli bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish kunduzgi ta’lim bilan bir xil tartibda tashkil etiladi.

16. Kechki (smenali) ta’lim talabasi tasdiqlangan ishchi o‘quv rejasidagi barcha o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi shart.

17. Kechki (smenali) ta’limda o‘qish odatda kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashg‘ulotlari (ma’ruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda talabalarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, jumladan, masofadan turib o‘qitish shaklida amalga oshiriladi.

18. O‘quv mashg‘ulotlari oliy ta’lim muassasasi hamda professor-o‘qituvchilarning vaqt va imkoniyatlarini inobatga olgan holda talabalarning mehnat faoliyati smenasiga muvofiqlashtirilib kunning birinchi yarmida ham tashkil qilinishi mumkin. Bunda mazkur talabalar soni akademik guruh shakllantirish darajasida bo‘lishi lozim.

19. Kechki (smenali) ta’limda o‘qish (kunduzgi ta’limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, besh kun amalga oshiriladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.

20. Kechki (smenali) ta’limda ma’ruza o‘qish, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishda ilg‘or usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh bo‘lib yechish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi.

21. Kechki (smenali) ta’limda talabalar bilimini baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

22. Kechki (smenali) ta’limda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi. O‘quv fanining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib joriy baholash turi joriy qilinishi mumkin.

Oraliq ish mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari har bir fan bo‘yicha tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat bo‘ladi:

kurs (loyihasi) ishi;

nazorat savollari va topshiriqlari;

test-sinov savollari;

keyslar, mashqlar, misol va masalalar;

tajriba natijalari;

ishlab chiqarish muammolarini yechishga yo‘naltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar;

hisob-jadval ishlari va boshqalar.

23. Kechki (smenali) ta’lim talabalarining malakaviy amaliyotlari o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda o‘tkaziladi.

Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan ob’ektda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

24. Muayyan kursdagi fanlarni to‘liq o‘zlashtirgan talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan keyingi kursga o‘tkaziladi.

25. Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, og‘ir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda o‘zlashtira olmagan talabalarga muddati qo‘yilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi, undagi muddat navbatdagi o‘quv yiliga o‘tmasligi lozim.

Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta o‘qish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan mustasno.

26. Kechki (smenali) ta’limda har bir talaba uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda oliy ta’lim muassasasidagi faoliyatning to‘liq monitoringi yuritilib, quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:

oraliq ishlarining bajarilishi;

oraliq va yakuniy baholashlar natijalari;

davlat attestatsiyasi baholari;

bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha baho;

kursdan kursga o‘tganligi.

4-bob. Kechki (smenali) ta’limda masofadan turib o‘qitish elementlaridan foydalanish

27. Kechki (smenali) ta’limda masofadan turib o‘qitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda o‘quv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib o‘zlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.

28. Masofadan turib o‘qitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videoma’ruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini o‘tkazish) va off-layn (masofadan turib o‘qitish tizimidagi tegishli o‘quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi.

29. Masofadan turib o‘qitish jadvali o‘quv-metodik bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i tomonidan belgilanadi.

30. Kechki (smenali) ta’limda masofadan turib o‘qitish elementlaridan foydalanganda o‘quv kurslarining sifati va samaradorligining doimiy nazorati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Masofadan turib o‘qitishning texnik ta’minoti oliy ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

31. Kechki (smenali) ta’limda masofadan turib o‘qitish elementlarini joriy etish dasturiy platformasi, reglamenti va tartiblari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.

32. Kechki (smenali) ta’limda ta’lim faoliyatini amalga oshiruvchi kafedralar professor-o‘qituvchilari masofadan turib o‘qitishda o‘quv materiallari, topshiriqlar va maslahat-konsultativ ishlarini oliy ta’lim muassasasi saytidagi «Kechki (smenali) ta’lim» sahifasiga joylashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi.

Masofadan turib o‘qitish elementlaridan foydalangan xolda ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv yuklamasi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

33. Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi, o‘quv-metodik bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i va tegishli kafedra mudiri kechki (smenali) ta’limda masofadan turib o‘qitish amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Masofadan turib o‘qitishda o‘quv-metodik jarayonni takomillashtirish va ilmiy-metodik masalalar oliy ta’lim muassasasi o‘quv-metodik kengashi yig‘ilishida muhokama qilib boriladi.

5-bob. Kechki (smenali) ta’limda davlat attestatsiyasini tashkil etish

34. Kechki (smenali) ta’limda davlat attestatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.

35. Davlat attestatsiyalari o‘quv rejasida ko‘rsatilgan fan (fanlar majmuasi) bo‘yicha o‘tkaziladi.

36. Bitiruv malakaviy ishi oliy ta’lim muassasasi bakalavriatida o‘qitishning yakuniy bosqichi hisoblanadi va kechki (smenali) ta’limda bitiruv malakaviy ishi mavzusi va mazmuni asosan talabalarning amaliy faoliyati bilan bog‘liq holda shakllantiriladi.

37. Kechki (smenali) ta’limda ta’lim yo‘nalishi ishchi o‘quv rejasini to‘liq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida «bakalavr» darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi ilovasi bilan beriladi.

6-bob. Kechki (smenali) ta’limda o‘quv jarayonini boshqarish

38. Kechki (smenali) ta’lim o‘quv-metodik bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i tomonidan tegishli ta’lim yo‘nalishlari dekanlari bilan birgalikda boshqariladi.

39. Kechki (smenali) ta’lim tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-metodik bo‘lim (boshqarma) tarkibida kechki (smenali) ta’lim uchun o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha qo‘shimcha metodist lavozimlari joriy etiladi.

40. O‘quv-metodik bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i:

kechki (smenali) ta’limni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;

ish beruvchilar, davlat va jamoat organlari, ta’lim tizimini boshqaruvchi organlar, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar bilan o‘zaro aloqalarni amalga oshiradi, talabalarning malakaviy amaliyotlari bo‘yicha shartnomalarini rasmiylashtiradi;

o‘qitishning yangi texnologiyalari tatbiq qilinishini va talabalar o‘zlashtirishi nazorat qilinishini ta’minlaydi;

talabalar bilan o‘quv va tarbiyaviy ishlar olib borish samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi;

mehnat muhofazasi, texnika va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tadbirlarni, bo‘lim xodimlarining ichki tartib va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishini tashkil etadi;

o‘quv jarayonini ta’minlaydigan professor-o‘qituvchilarning o‘quv-metodik, ilmiy ishlarini rejalashtiradi, tashkil etadi va muvofiqlashtiradi; oliy ta’lim muassasasi ilmiy kengashi majlislarida, rektoratda, fakultet va kafedralarda kechki (smenali) ta’lim manfaatlarini o‘z vakolati doirasida himoya qiladi va amalga oshiradi;

kechki (smenali) ta’lim masalalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining boshqa tuzilmalari bilan o‘zaro aloqasini ta’minlaydi.

41. Kechki (smenali) ta’lim ma’muriy boshqaruv jihatdan oliy ta’lim muassasasi rektoriga hamda o‘quv va ilmiy-metodik ishlar yuzasidan oliy ta’lim muassasasi o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlariga bo‘ysunadi.

42. Kechki (smenali) ta’lim bilan bog‘liq xarajatlar oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt mablag‘lari) hisobidan amalga oshiriladi.

7-bob. Yakunlovchi qoida

43. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2017 y., 09/17/930/0301-son; 01.02.2020 y., 09/20/59/0126-son)

 

Foydali Manzillar