Rahbar va yoshlar uchrashuvi: agrar sohada innovatsion g‘oyalar markazda

Rahbar va yoshlar uchrashuvi: agrar sohada innovatsion g‘oyalar markazda

Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Muzrob Bo‘ronov rahbarligida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida tahsil olayotgan talabalar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yosh olimlar va tadqiqotchilarning taklif hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kuni doirasida tashkil etildi.

 Bugungi kunda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning o‘rni va tashabbuslari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda tashkil etilgan uchrashuv yoshlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni innovatsion g‘oya va loyihalarga keng jalb etish hamda zamonaviy agrar ta’lim va ilm-fan imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.

 Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida vazir maslahatchisi Muzrob Bo‘ronov tomonidan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar hamda yosh olim va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

 Ta’kidlanganidek, yoshlarning ilmiy izlanishlari, startap loyihalari va tashabbuslarini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 Uchrashuv davomida talabalar ham faol ishtirok etib, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, startap loyihalarni amalga oshirish, amaliyot tizimini takomillashtirish hamda bandlik masalalari bo‘yicha o‘z taklif va murojaatlarini bildirdilar. Yoshlarning fikr va tashabbuslari tinglanib, ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli tavsiya va yo‘nalishlar berildi.

 Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy kasb-hunar va ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv talabalar uchun katta motivatsiya va ilhom manbai bo‘ldi.

 Yakunda bunday uchrashuvlar yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning tashabbus va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, ushbu muloqotlarni muntazam ravishda davom ettirish zarurligi qayd etildi.


Foydali manzillar