Direktor murojaati

Direktor murojaati

Hurmatli talaba-yoshlar, aziz professor-o‘qituvchilar hamda jamoamiz a’zolari!

Bugungi globallashuv jarayonida avlodlar tarbiyasiga, yoshlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, ularning ongini turli zararli illatlardan asrashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 Afsuski, dunyo miqyosida giyohvandlik illati va unga aloqador jinoyatlar jamiyat taraqqiyoti va inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istayman: giyohvandlik – nafaqat inson tanasini, balki uning taqdirini, kelajagini, oilasini, ilm va mehnat yo‘lidagi imkoniyatlarini barbod qiluvchi ofatdir. Har qanday narkotik vosita yoki psixotrop moddaning bir martalik iste’moli ham sog‘liq uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi, qaramlikni yuzaga keltiradi va odamni o‘z hayotini boshqarish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Universitetimizda ta’lim olayotgan har bir talaba — kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, jamiyat oldida mas’uliyati yuksak bo‘lgan shaxsdir. Siz azizlarimizning sog‘lig‘i, bilim olishi, farovon hayoti biz uchun eng ustuvor vazifadir. Shu boisdan:

giyohvand moddalarning zararli oqibatlari haqida ongli bo‘lishingizni,
o‘zingiz va yaqinlaringizni har qanday xavfli vasvasalardan asrashingizni,
shubhali takliflar, noma’lum moddalar yoki tanish bo‘lmagan guruhlar bilan aloqadorlikdan keskin chekinishingizni,
jamiyatda sog‘lom hayot tarzi targ‘ibotiga faol hissa qo‘shishingizni
qat’iy tavsiya etaman.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Sizning yoshlarga berayotgan tarbiyaviy ko‘magingiz, ularga sog‘lom fikr va sog‘lom turmush tarzini singdirishdagi hissangiz beqiyosdir. Har bir dars, har bir muloqot ularda mustahkam hayotiy pozitsiya shakllantirishga xizmat qiladi.

Aziz talabalar!
Unutmang: sizning kelajagingiz — o‘zingizning qo‘lingizda. Hech qachon o‘z hayotingizni bir lahzalik qiziqish yoki begona ta’sirlarga qurbon qilmang. Agar atrofingizda giyohvandlik bilan bog‘liq shubhali holatlarga duch kelsangiz, darhol fakultet dekanatiga yoki mas’ul bo‘linmalarga murojaat qiling.
Keling, birgalikda sog‘lom, ilmli, ma’naviy barkamol avlodni shakllantirish uchun harakat qilaylik! Giyohvandlikka qarshi kurash — barchamizning umumiy burchimizdir.

Hurmat bilan,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali direktori N.Yuldashov


Foydali manzillar