- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- RAHBARIYAT
- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- O‘QUV-USLUBIY BOSHQARMA FAOLIYATI
Biotexnologiya, ekologiya va o‘rmonchilik kafedrasi oyligi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi muhim tadbir — “Akademik va yoshlar uchrashuvi” 29-aprel kuni Faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv talaba-yoshlar qalbida yangi orzu va intilishlar uchqunini yoqdi.
Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Doniyorov ochib berdi. Sh.Doniyorov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik Davranov Qahramon Davronovichning mamlakatimizda ilm-fan va ayniqsa biotexnologiya sohasining taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida samimiy so‘zlar bilan so‘z boshladi.
— Bugun siz, aziz talabalar, bevosita ustozimiz, Vatanimiz ilm-fanining fidoiylaridan biri bo‘lgan inson bilan uchrashib turibsizlar. Akademik Qahramon Davranov kabi insonlarning izidan borib, kelgusida sizlar ham ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishingiz kerak, — deya yoshlarni ilhomlantirdi direktor o‘rinbosari Sh.Doniyorov.
Shundan so‘ng, akademik Qahramon Davranov so‘zga chiqib “Zamonaviy biotexnologiya: tarixi, fan va ishlab chiqarishdagi o‘rni va asosiy yo‘nalishlari” mavzusida o‘zining chuqur va ilmiy boy ma’ruzasini talaba-yoshlarga taqdim etdi. Qahramon Davranov o‘z nutqini biotexnologiyaning qadimiy ildizlaridan boshlab, uning mikrobiologiya bilan chambarchas bog‘liqligi va genetik muhandislik orqali olib borilayotgan ilg‘or tadqiqotlar haqida so‘z yuritdi.
— Zamonaviy biotexnologiya — bu faqatgina laboratoriya devorlari orasida qolib ketadigan fan emas. Bugun u qishloq xo‘jaligida yuqori hosildor navlarni yaratishda, farmatsevtikada antibiotik va vaksinalar ishlab chiqarishda, ekologiyada esa bio-remediatsiya orqali tabiatni tozalashda muhim o‘rin tutmoqda, — dedi akademik Qahramon Davranov o‘z ma’ruzasida.
Shuningdek, O‘zbekistonda olib borilayotgan mikrobial biotexnologiyalar, fermentatsiya texnologiyalari va genetik rekombinatsiya ishlari haqida amaliy misollar bilan tushuntirib berdi. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida uzviy bog‘liqlik zarurligini ta’kidlab, biotexnologiyaning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan qizg‘in va dolzarb savollar yo‘llandi. Ular orasida biotexnologiyaning kelajagi, gen terapiyasi, ekologik barqarorlik va zamonaviy o‘simlik biotexnologiyalari haqida savollar bo‘ldi. Akademik Qahramon Davranov har bir savolga chuqur ilmiy izohlar bilan javob berib, talaba-yoshlarga nafaqat bilim, balki hayotiy maslahatlar ham berdi.
— Ilm bilan shug‘ullanish — bu sabr va izlanishni talab etadi. Lekin mehnatingiz mevasini ko‘rgan kun, barcha mashaqqatlar unutiladi, — dedi u uchrashuv yakunida akademik Qahramon Davranov.
Tadbir nihoyasida talabalar akademik bilan esdalik uchun suratga tushib, o‘zlarining orzulari sari dadil qadam tashlash uchun yanada ishonch va ilhom oldilar.



Matbuot kotibi: A.Ergashev