- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- RAHBARIYAT
- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- O‘QUV-USLUBIY BOSHQARMA FAOLIYATI
Bugun, 25-aprel kunida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida yirik miqyosdagi “Karyera kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim tashabbus mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni yetkazib berish hamda oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash yo‘lida amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, vazirlik huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi. Shu bilan birga, soha kesimida faoliyat yuritayotgan 30 ga yaqin yetakchi korxona, tashkilot va muassasalar vakillari ham bitiruvchi talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘ldi.
Bugungi “Karyera kuni” doirasida veterinariya va chorvachilik, ekologiya, biotexnologiya, zoonjeneriya, iqtisodiyot, o‘rmonchilik kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan 400 dan ortiq talaba faol ishtirok etdi. Bitiruvchilar o‘z yo‘nalishiga mos sohalarda faoliyat olib borayotgan ish beruvchilar bilan ochiq suhbatlar o‘tkazib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishlab chiqarish amaliyoti imkoniyatlari, mehnat shartlari, malaka talablari yuzasidan to‘liq ma’lumot olishdi.
Tadbir doirasida joyida intervyular, yakkama-yakka maslahatlar, hujjatlarni taqdim etish va ko‘nikmalarni namoyish etish kabi jarayonlar tashkil etildi. Bir qator talabalar ish va amaliyotga yo‘naltirildi, ayrimlari esa bandlik bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Mazkur tashabbus yoshlarning kasbiy yo‘nalishda mustaqil qaror qabul qilishi, o‘z bilim va salohiyatini amaliyotda sinovdan o‘tkazishi hamda mehnat bozoriga puxta tayyorgarlik bilan kirib borishida muhim bosqich bo‘ldi. Tadbir yakunida ishtirokchilar va mehmonlar tomonidan filialning bu kabi amaliy va samarali tashabbuslari yuqori baholandi.
Matbuot kotibi: A.Ergashev




