Ilmiy salohiyat va dolzarb masalalar: doktorantlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ilmiy salohiyat va dolzarb masalalar: doktorantlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun, 28-fevral sanasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Safarov hamda Filial direktori X.Xamdamov ishtirokida tayanch doktorant, doktorant, stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tib, doktorantlarning ilmiy faoliyati, Filialda ilmiy salohiyatni oshirish choralari va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida A.Safarov tadqiqotchilarga davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar va ajratilayotgan stipendiyalar haqida so‘z yuritib, ilmiy faoliyatga qo‘yilayotgan talablar oshib borayotganini ta’kidladi. Jumladan, oliy ta’lim muassasasining ilmiy salohiyati 31,7% ni tashkil etishi, umumiy reytingda esa 50% darajaga erishish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, filialdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar ham tanqidiy tahlil qilindi. Shu bilan birga mustaqil izlanuvchilar va erkin tadqiqotchilar bilan ham yanada samarali ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Veterinariya yo‘nalishida ilmiy ishlarning himoya qilinishi sust ekani tanqidiy ko‘rib chiqildi. A.Safarov doktorantlar tomonidan Qo‘mitaning tegishli boshqarmasiga murojaatlar kelib tushayotganini qayd etib yuzaga kelgan muammolarni 1 hafta ichida hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, Filial hududiga kirishda filial nomini aks ettirish masalasi ham muhokama qilindi. Professor-o‘qituvchilarning kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratilib, bu borada aniq talablar qo‘yilishi zarurligi bildirildi. Uchrashuv davomida tayanch doktorant, doktorant, stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilarga murojaat qilib, “Bizga ilmiy salohiyatli kadrlar kerak”, — deya ta’kidladi A.Safarov.

 

Filial direktori X.Xamdamov HIRSH indeksini oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv seminarini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Doktorantlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni qayd etib, ilmiy ishlar bilan chuqur va samarali shug‘ullanishga chaqirdi.

 

Uchrashuv yakunida ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, doktorantlarning ilmiy natijalarga erishish ko‘rsatkichlarini yaxshilash va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.

Matbuot xizmati


Foydali manzillar