Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida buyuk shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan “Boburning ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari O.Sulaymanbekov ochib berdi. O.Sulaymanbekov Boburning nafaqat buyuk sarkarda, balki ilm-fan va adabiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan alloma ekanligini ta’kidlab, uning ma’naviy merosi bugungi yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lishi lozimligini qayd etdi. Shuningdek, Bobur ijodining zamonaviy tafakkur taraqqiyotiga ta’siri, uning davlat boshqaruvi va ilmiy merosidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

 

Shundan so‘ng, filologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent N.To‘xtayeva hamda filologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent D.Qalandarova so‘zga chiqib, Bobur merosi, uning ilmiy va adabiy faoliyati, “Boburnoma”ning jahon ilmiy hamjamiyatida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’ruza qildilar. Ular Boburning o‘z davridagi ilmiy va madaniy taraqqiyotga qo‘shgan hissasi, uning shaxsiyati va ta’lim-tarbiya borasidagi qarashlari haqida atroflicha fikr bildirdilar.

 

Tadbir davomida iqtidorli talabalar tomonidan Boburning g‘azal va ruboiylari mahorat bilan ifodali tarzda o‘qildi. Bu esa ishtirokchilarga Bobur ijodining nafosatini yanada teranroq his qilish imkonini berdi. Shuningdek, Bobur hayotining muhim pallalarni aks ettirgan sahna ko‘rinishi namoyish qilindi. Ushbu sahnaviy chiqishlar orqali Boburning otalik mehri mahorat bilan aks ettirildi.

 

Tadbirning yakuniy qismida falsafa fanlari nomzodi, dotsent F.Primova so‘zga chiqib, Boburning hayoti, ijodi va uning Sharq va G‘arb ilm-faniga ta’siri borasida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, Boburning shaxsiyati, uning ilmga va adabiyotga bo‘lgan e’tibori, davlat boshqaruvidagi o‘ziga xos qarashlari haqida taqdimot qilindi.

Axborot xizmati


Foydali manzillar