“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasida talabalar kutubxonaga sayohat qilishdi

“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasida talabalar kutubxonaga sayohat qilishdi

Avval xabar berganimizdek Toshkent shahrida 15-yanvardan 15-fevralga qadar o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom poytaxt" oyligi doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida narkotik moddalar iste’molining oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda huquqiy ongni oshirish maqsadida qator profilaktik tadbirlar davom etilmoqda.

Bugun 22-yanvar kunida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida profilaktika katta inspektori O‘.Xalikov hamda Texnologiyalar va Iqtisodiyot fakulteti tyutorlari va mas’ullari hamkorligida talabalar O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi kutubxonaga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida talabalarni kutubxona direktori Dilorom Shukurova kutib olib, ularni kutubxonaning tarixi, imkoniyatlari va xizmatlari bilan tanishtirdi.

 

Talabalar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan kutubxonaning turli bo‘limlariga tashrif buyurib, u yerdagi noyob qo‘lyozmalar, ensiklopediyalar va ilmiy kitoblar fondi bilan yaqindan tanishdilar. Kutubxonada 60 mingdan ortiq kitob mavjud bo‘lib, ular orasida tarix, fan, madaniyat va texnologiyalar sohasiga oid qimmatli manbalar saqlanadi. Ayniqsa, talabalar uchun sog‘lom turmush tarzi, huquqiy bilimlar va motivatsion mavzulardagi kitoblar katta qiziqish uyg‘otdi.

Talabalar o‘zlari qiziqqan kitoblarni mutolaa qilib, kutubxonaning elektron resurslaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot olishdi. Shuningdek, kutubxona direktori ularga davlat grantlari orqali kitob fondi muntazam boyitilayotgani va bu joy yoshlar uchun bilim olishda muhim manba ekanini ta’kidladi.

Tashrif yakunida talabalar kutubxonaga bepul a’zo bo‘lishdi va endilikda uning barcha xizmatlaridan muntazam foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ushbu tashrif talabalarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularning bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.

 

 

 

 

Matbuot xizmati


Foydali manzillar