- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- RAHBARIYAT
- Texnologiyalar fakulteti
- ILMIY VA O‘QUV BO‘LIMLARI
- O‘QUV-USLUBIY BOSHQARMA FAOLIYATI
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ilmli va ma’rifatli yoshlarni kamol toptirish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, xorijiy tillarga o‘qitishni yanada ommalashtirish, shuningdek, yoshlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va tashabbuslarini o‘rganish hamda muammolarini hal etish maqsadida joriy yilning 21-yanvar kunida "Direktor va yoshlar" uchrashuvi tashkil etilib, Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich hamda talabalar o‘rtasida ochiq muloqot o'tkazildi.
Uchrashuv avvalida Filial direktori J.Tursagatov mamlakatimizda barcha soha va yo'nalishlarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan yutuqlar haqida ma'ruza qildi. Jumladan, yaqindagina BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida Prezident maktabi o'quvchilari barqaror rivojlanish bo'yicha nufuzli mukofotning "Global o'rta maktablar" nominatsiyasida g'olib deb topilganini e'tirof etib, talabalarga o'zlari tahsil olayotgan yo'nalishlarida yangiliklar, innovatsiyalar ustida ishlashlari lozimligini, Filial rahbariyati talabalar tomonidan amalga oshiriladigan har qanday ilmiy izlanish va faoliyatlarni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohalarini rivojlantirish masalasi dolzarbligini qayd etib, davlatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo'lgan ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar, yangiliklar bilan tanishtirib o'tdi. Shuningdek, Filial binosini zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun qilinayotgan say-harakatlar haqida fikr bildirilib, o‘quv binolarining kapital ta'mirdan chiqqanidan keyingi holati va ta'mirga muhtoj holati taqqoslanganligi bo‘yicha videorolik talabalar e'tiboriga havola qilindi. Bundan tashqari Filial Bosh binosining tashqi ko‘rinishi yangilanishiga doir loyiha talabalarga ko‘rsatib o‘tildi.

Filial direktori J.Tursagatov talabalarga O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi tomonidan amalga oshiriladigan muhim funksiya vazifalar haqida taqdimot qildi. Taqdimot davomida talabalarga tahsil olayotgan yo'nalishlarini tamomlaganlaridan so'ng jamiyatimiz va iqtisodiyotimiz uchun muhim bo'lgan tarmoqlardan biri veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida faoliyat olib borishlari tushuntirildi. Ushbu muhim faoliyatda Filialda o'qitilayotgan ta'lim yo'nalishlari, jumladan, veterinariya meditsinasi, zooinjeneriya, iqtisodiyot va buxgalteriya hisobi, ekologiya, o'rmonchilik, biotexnologiya kabi yo'nalishlarning bir biri bilan chambarchas bog'ligi amaliy misollar bilan tushuntirib berildi.
Ochiq muloqotning ikkinchi qismida talabalar tomonidan muhim savol va takliflar yo'llandi. Yo'llangan savollar orasida bir qancha dolzarb masalalar ham bor edi. Chunonchi, talabalarning mustaqil ta'lim olish ko'nikmalarini shakllantirish, xorijiy oliy ta'lim muassasalarida talabalarning o'qishini tashkil qilish, grantlar bo'yicha talabalarni xabardor qilib borish, amaliyot jarayonlarini sifatli tashkil etish, o'quv laboratoriyalari va talabalar turar joyiga bo'lgan ehtiyojlar, axborot-resurs markazida qo'shimcha qulayliklar yaratish, talabalar uchun "wifi hududlari"ni tashkil qilish, Filialning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarini yuritishda iqtidorli talabalarni jalb qilish kabi ko'plab tashabbus va takliflar talabalar tomonidan ilgari surildi.

Bildirilgan taklif va savollarni Filial direktori J.Tursagatov mamnuniyat bilan tingladi. Talabalar tomonidan ilgari surilgan masalalarga batafsil ma'lumot va javob berish bilan bir qatorda, talabalarni har doim mana shunday faol bo'lishga, Filialda amalga oshirilayotgan islohot va yangiliklarga befarq bo'lmaslikka chaqirdi. Shuningdek, Filial direktori J.Tursagatov talabalarning yo‘llagan savollariga javob tariqasida 2024-yilda Filialda tahsil olayotgan 100 nafar iqtidorli, faol va ehtiyojmand talabalar ham moddiy ham ma'naviy qo‘llab-quvvatlanganini, ushbu ezgu faoliyat kelgusi yillarda ham davom etishi uchun alohida jamg‘arma tashkil qilinayotgani, Filialning har ikkala binosida ham alohida kompyuter xonalari ishga tushirilishini hamda mavjud ehtiyojlarni inobatga olgan holda 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari shu yilning fevral-mart oylaridan boshlanishi va kelgusi yangi o‘quv yilidan foydalanishga topshirilishini ma'lum qildi.
Filial direktori J.Tursagatov talabalar bilan ochiq muloqot davomida amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar hammasi faqat va faqat talabalar uchun, shuningdek, Filialda sifatli malakali kadrlar tayyorlash uchun qilinayotganini ta'kidlab, talabalardan doimiy faol bo‘lishlarini so‘radi. Talabalar bilan samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan muloqotda Filial direktori "Ertaga sizlarning orangizdan rahbarlar, vazirlar chiqishini xohlayman" deb talabalarni har doim qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.

Matbuot xizmati