Filialda dekabr oyi davomida talabalar o‘rtasida psixologik seminar-treninglar o‘tkazildi

Filialda dekabr oyi davomida talabalar o‘rtasida psixologik seminar-treninglar o‘tkazildi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida dekabr oyi davomida talabalar uchun bir qator psixologik seminar-treninglar tashkil etildi. Mazkur treninglar psixolog N.Norova tomonidan olib borilib, talabalar o‘rtasida ruhiy farovonlikni oshirish, stressni boshqarish, agressiyani yengish hamda ijtimoiy-psixologik ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi mavzularda tashkil qilindi.

Jumladan joriy yilning 10-dekabr kunida "Oilada sog‘lom psixologik muhit", "Maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yish" mavzularidagi seminar-treningda talabalarga oilaviy munosabatlarni yaxshilash va maqsadga erishishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalar o‘rgatildi. "Stress profilaktikasi" va "Psixologik immunitetni shakllantirish" mavzulariga bag‘ishlab 11-dekabrda o‘tkazilgan seminar-trening talabalarda stressni yengish, emotsiyalarni boshqarish va stressli vaziyatlarda qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirdi. 13-dekabr kunida esa "Art-terapiya" treningda talabalar ichki hissiyotlarini rasmlar orqali ifoda etib, psixologik tahlil asosida o‘zlarini anglash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. "Baxt bu – men", "Ranglarning psixologik ta’siri" mavzularida o‘tkazilgan seminar-treningda talabalarga baxtni anglash va ruhiy farovonlikka erishish bo‘yicha amaliy usullar ko‘rsatildi, shuningdek, ranglar tanlash orqali ichki psixologik holatlarini tahlil qilish imkoniyati yaratildi. "Musiqa terapiyasi" va "Musiqaning psixologik ta’siri" mavzularidagi treningda musiqa yordamida stressni kamaytirish va agressiyani oldini olish texnikalari namoyish etildi. Trening davomida talabalar qo‘shiq aytish va raqs orqali o‘z emotsiyalarini ifodalashdi.

 

Bu kabi seminar-treninglar talabalar ruhiy barqarorligini saqlash, stress va xavotirni yengish, shuningdek, sog‘lom ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Treninglar davomida talabalarning ruhiy rivojlanishiga, o‘z imkoniyatlarini ochishga va muvaffaqiyatli kelajak sari qadam tashlashga qaratilgan motivatsion usullar qo‘llanildi.

Matbuot xizmati.
 


Foydali manzillar