Parij-2024 yozgi Paraolimpiya o‘yinlari g‘oliblari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Parij-2024 yozgi Paraolimpiya o‘yinlari g‘oliblari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Talabalar qalbida insoniylik, matonat va mardlik kabi yuksak fazilatlarni shakllantirish va mustahkamlash hamda ular o'rtasida ijtimoiy adolat va o‘zgalarga yordam berish g‘oyalarini targ'ib qilish, milliy qadriyatlar va insoniylikka asoslangan dunyoqarash yuksaltirish maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida joriy yilning 19-dekabr kunida Parij-2024 yozgi Paraolimpiya o‘yinlari g‘oliblari va talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvga Parij-2024 yozgi Paraolimpiya o‘yinlari bronza medali hamda 2016-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlari kumush medali sovrindori, 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlari ishtirokchisi, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, para suzuvchi - Muslima Odilova Ulugʻbek qizi va uning murabbiyi Ravshan Aminov hamda joriy yilning 26 oktyabr – 3 noyabr kunlari Chernogoriyaning Petrovas shahrida para shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan IBSA jahon chempionati kumush medali sohibi Kimsanboyev Ahadxon mehmon sifatida tashrif buyurdilar.
Uchrashuv davomida talabalar Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblarining hayotiy tajribalari, sportdagi yutuqlari va ular duch kelgan qiyinchiliklar bilan tanishdilar. Mehmonlar o‘zlarining insoniy fazilatlari, qat’iyat va mehnatsevarliklari bilan sportda erishilgan yutuqlari haqida batafsil hikoya qilib berdilar.
Muslima Odilova va Kimsanboyev Ahadxon o‘z tajribalari orqali talabalarni irodali bo‘lishga, o‘z oldilariga katta maqsadlar qo‘yib, ularga erishishda hech qachon taslim bo‘lmaslikka undadilar. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning Paralimpiyada sohasidagi yutuqlari, imkoniyati cheklangan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z bordi.
Tadbir yakunida talabalar mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va ulardan ilhomlangan holda, shaxsiy fazilat va iste'dodlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarida yangi maqsadlarni belgilan oldilar. Uchrashuv jonli muloqot ruhida o‘tib, barcha ishtirokchilar uchun ma’naviy va ruhlantiruvchi muhitni yaratdi.

  

  

  

  

   

Matbuot xizmati


Foydali manzillar