Korrupsiyasiz kelajak sari: Filialda "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri o‘tkazildi

Korrupsiyasiz kelajak sari: Filialda "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri o‘tkazildi

2024-yilning 6-dekabrida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 16-son bayonnomasi asosida Filial faoliyatining ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. 
"Korrupsiyaga qarshi kurashish butun dunyoda dolzarb masala bo‘lib, u har bir davlatning barqaror rivojlanishi va xalq farovonligining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, har yili 9-dekabr kuni Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Bugungi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri orqali biz Filialimiz faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni ko‘rsatish hamda korrupsiyaga qarshi kurashda olib borayotgan ishlarimiz haqida ma'lumot berishni maqsad qildik..." -dedi Filial direktori J.Tursagatov.

Shuningdek, Filial direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi tomonidan davlat tashkilotlarida qator manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangani yuzasidan ma’ruza qildi. Unga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi jami 75 ta tashkilotda 1038 ta shartnomalarda manfaatlar toqnashuviga yo‘l qo‘yilganligini ta’kidlab, aniqlangan qonunbuzilish holatlari asosan mansabdor shaxslarning o‘zi yoki yaqin qarindoshi ta’sischiligidagi korxonalar evaziga qayd etilganini bildirdi. Shu bilan birga, Filialda yuqoridagi kabi qonunbuzilish holatlari qayd etilmaganligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq kuchli nazorat o‘rnatilganligi e’tirof etildi.

Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Ch.Fayziyeva so‘zga chiqib, Filialda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Filialda muntazam ravishda ichki audit va nazorat tadbirlari o‘tkazilishi, har bir jarayon bo‘yicha aniq va oshkora hisobdorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etdi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Komplayens nazorat” tizimi doirasida Filial xodimlari va talabalari uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borilayotganini, xususan, bu borada tashkil etilayotgan seminar va treninglar orqali huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijadorligi yuqori ekanligini aytib o‘tdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat rahbariyat emas, balki, barcha xodimlar va talabalarning ham mas’uliyatli vazifasi ekanligini qayd etib, barcha ishtirokchilarni mazkur masalaga jiddiy yondashishga va o‘z hissasini qo‘shishga chaqirdi.

Tadbir davomida, 9-dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan talaba-yoshlarning korrupsiyaviy holatlarga qarshi bilim va malakalarini oshirish hamda oliy ta’lim muassasalarida korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida o‘tkazilgan "Eng yaxshi insholar", "Eng yaxshi videoroliklar", "Eng yaxshi rasmlar" kabi respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari aniqlanib, 1-2-3-darajali diplomlar topshirildi.

Matbuot xizmati


Foydali manzillar