Umumrespublika marafoni doirasida Filialda yashil maydon barpo etildi

Umumrespublika marafoni doirasida Filialda yashil maydon barpo etildi

Bugun, 9-noyabr sanasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil qilingan Umumrespublika marafoni bo'lib o'tdi. Tadbir doirasida Filial hududida 300 dan ortiq daraxt ko'chatlari ekilib, yashil maydon yaratildi.

Erta tongdan boshlab professor-o'qituvchilar va faol talabalar birgalikda Filial hududini obodonlashtirish va ko'chat ekish uchun zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdilar. Bu jarayonda Filial xodimlari va talabalari alohida mas'uliyat bilan yondashib, ekologik barqarorlikni asrash va ona tabiat muhofaza qilish kabi fuqarolik burchlarini namoyon qildilar.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov tomonidan Nukus shahridan turib Umumrespublika marafoniga rasmiy start berilganidan so‘ng respublikamizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti jamoasi ham Filial hududida ko‘chat ekish ishlarini boshladilar. Mazkur jarayon Zoom platformasi orqali Markaziy Studiyaga to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi. Bu esa tadbirga yanada keng ko'lamlilik va umumiylik hissini berdi.

Tadbir davomida Filial xodimlari va talabalari fidoyilik va yuksak mas'uliyat bilan birga mehnat qilib, daraxt ko'chatlarini ekish jarayonida faol qatnashdilar. Ushbu tadbir davomida atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirish borasida har bir ishtirokchi o'z burchini sidqidildan bajardi.

Marafon bayramona shukuhda davom etdi. Filial hovlisida katta doshqozon o'rnatilib osh damlandi. Dasturxon atrofida tashkil etilgan mehmondo'stlik muhitida Filial professor-o‘qituvchi xodimlari va talabalar birgalikda mamalakatimizda tabiatni asrash va kelajak avlodlarga yashil olamni qoldirish maqsadida davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotgan islohotlarning rivoji uchun o'zlarining niyat va tilaklarini izhor etdilar.

Ushbu marafon Filialda nafaqat ekologik madaniyatni oshirishga, balki professor-o‘qituvchi va xodimlarni birlashib ezgu maqsadlar sari birgalikda qadam tashlashga targ‘ib qilgan unitilmas muhim voqeaga aylandi. Umumrespublika marafoni Filialga haqiqiy bayramona kayfiyat olib kirib, professor-o‘qituvchi xodimlar va talabalarni ezgu maqsadlar sari birlashtirishga xizmat qildi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev


Foydali manzillar