Talaba-yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish yo‘lidagi yangi qadam

Talaba-yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish yo‘lidagi yangi qadam

Joriy yilning 6-noyabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida "Qalqon" jamoatchilik guruhi a’zolarining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishga Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari O.Sulaymanbekov boshchilik qildi. Yig‘ilishda shuningdek Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B.Murodov hamda Filialning boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish avvalida O.Sulaymanbekov "Qalqon" jamoatchilik guruhi a’zoligiga tavsiya etilgan talabalar bilan tanishib, ularga jamoatchilik guruhining tashkil etilish maqsadlari va asosiy vazifalari haqida batafsil tushuntirish berdi. O.Sulaymanbekov "Qalqon" jamoatchilik guruhi faoliyatining ahamiyati va uning Filialdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarning huquqiy va ma’naviy savodxonligini oshirishga qaratilganligini alohida ta’kidladi. So‘ngra guruhning Nizomida keltirilgan asosiy qoidalar va muhim jihatlar haqida talabalarga batafsil ma’lumot berildi.

Yig‘ilish davomida talabalar "Qalqon" jamoatchilik guruhi a’zoligiga bo‘lgan munosabatlarini bildirib o‘tdilar. Ular bir ovozdan guruh a’zosi bo‘lishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar va Filialda o‘tkaziladigan ijtimoiy-huquqiy profilaktik tadbirlarda, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarda sidqidildan faol ishtirok etish niyatlarini izhor qildilar. Bu orqali talabalar nafaqat o‘z bilimi va saviyasini oshirish, balki jamiyatdagi ijtimoiy va huquqiy masalalarda ham faollik ko‘rsatishga intilishlarini namoyon qildilar.

Yig‘ilish yakunida "Qalqon" jamoatchilik guruhining sardori ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Shu tariqa Filialda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi guruh faoliyatiga qadam qo‘yildi. Bu faoliyat esa, talabalar orasida huquqiy bilim va ijtimoiy mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ushbu yig‘ilish Filialda yoshlar ishtirokidagi huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni faollashtirishga, ularni jamiyatda o‘z o‘rnini anglashga va huquqiy savodxonlik darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev

FOTOLAVHA:


Foydali manzillar