“Kiberjinoyatchikka qarshi ogohlik” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi

“Kiberjinoyatchikka qarshi ogohlik” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida joriy yilning 7-noyabr sanasida talabalar xavfsizligini ta'minlash hamda ularni zamonaviy kiberjinoyatlardan xabardor qilish maqsadida “Talabalar xavfsizligi kuni” doirasida “Kiberjinoyatchilikka qarshi ogohlik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbir profilaktika katta inspektori, podpolkovnik O'. Xalikov tashabbusi bilan tashkil qilinib, unda Toshkent shahar IIBB HPB Kiberxavfsizlik bo'limi katta inspektorlari (barchasi kapitan) O'.Ikromxo'jayev, B.Tojiboyev va E.Toshmatovlar eskpert sifatida ishtirok etishdi. Davra suhbati davomida inspektorlar kiberxavfsizlik sohasidagi o'z tajribalari bilan o'rtoqlashishib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordilar.

Davra suhbatini profilaktika katta inspektori O'. Xalikov ochib, talabalarga tadbirning asosiy maqsadlari va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish muhimligi haqida qisqacha to'xtaldi. So'ngra mas'ul xodimlarni talabalarga tanishtirib so'z navbatini kapitan B.Tojiboyevga berdi.

B.Tojiboyev o'z ma'ruzasida bugungi kunda kiberjinoyatlarning soni ko'payib borayotganligi, ular nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda xavf tug'dirayotganini alohida ta'kidladi. Fuqarolar ko'pincha mobil qurilmalardan to'g'ri foydalanishni bilmagani yoki kiberjinoyatchilik bo‘yicha xabardorlik yetishmagani tufayli firibgarlar qurboniga aylanayotganini aytib, talabalarni hushyorlikka chaqirdi. Shuningdek, kapitan Tojiboyev oxirgi statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2024-yil boshidan beri birgina Chilonzor tumani miqyosida kiberjinoyat bo'yicha 300 dan ortiq da'vo arizasi kelib tushganini qayd etdi. Bu ko'rsatkich kiberjinoyatchilikning naqadar keng tarqalayotganini va unga qarshi chora ko'rish zaruriyatini anglatadi.

Davra suhbati davomida talabalarning ko'plab savollariga javob qaytargan kapitan O'.Ikromxo'jayev esa o'z chiqishida kiberjinoyatlarning qanday turlari mavjudligi, firibgarlarning ishlatadigan uslublari hamda ularga qarshi ko'rilishi kerak bo'lgan ehtiyot choralar haqida batafsil tushuntirishlar berdi. O'.Ikromxo'jayev mamlakatimizda kiberjinoyatlarning fosh qilinish ko'rsatkichi yuqoriligini alohida ta'kidlab, boshqa davlatlar bilan qiyosiy misollar keltirdi: "Misol tariqasida Xitoy Xalq Respublikasida kiberjinoyatchilarni topish ko'rsatkichi 1,9 foizni tashkil etadi, bizda esa bu ko'rsatkich 69 foizga yetadi," - dedi kapitan O'.Ikromxo'jayev. O'.Ikromxo'jayev bu raqam mamlakatimizda kiberjinoyatlarga qarshi faol va samarali kurash olib borilayotganini ko'rsatishini ta'kidlab, talabalarni o'z shaxsiy ma'lumotlariga ehtiyotkorlik bilan qarashga, shaxsiy va moliyaviy ma'lumotlarini himoya qilishga undadi.

Tadbir davomida talabalarga kiberxavfsizlik sohasida zamonaviy yondashuvlar, kiberjinoyatlardan himoyalanish usullari va firibgarlikka qarshi kurashishning eng samarali yo'llari haqida ma'lumotlar berildi. Bu suhbat talabalar uchun nafaqat qiziqarli, balki kiberxavfsizlik haqida chuqur tushuncha beruvchi platforma bo‘ldi. Davra suhbati so'ngida talabalar kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo'yicha kerakli bilim va malakalarni o'zlashtirgan holda, o'z xavfsizliklarini ta'minlashda mas'uliyatli bo'lishga intilishlarini bildirdilar.

Matbuot kotibi: A.Ergashev

FOTOLAVHA:


Foydali manzillar