“Men zo‘ravonlikka qarshiman!” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

“Men zo‘ravonlikka qarshiman!” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Bugun, 5-noyabr sanasida Filialda talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan "Men zo'ravonlikka qarshiman!" mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov Iqtisodiyot fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi N.Ishanovaning tashabbusi bilan tashkil etilib, talaba-qizlarni zo‘ravonlikka qarshi faol kurashishga targ‘ib qilish, talabalarda ijtimoiy mas'uliyat va fuqarolik burchini anglashga yo‘naltirilgan edi.

Dastlab taqdirlash marosimi Iqtisodiyot fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi N.Ishanovaning so‘z oldi:

-“Hurmatli talabalar! Sizlarni ushbu insholar tanlovida faol ishtirok etganingiz va zo‘ravonlikka qarshi qat'iy munosabatingizni bildirganingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Bugungi tanlov orqali biz bir nafasga bo‘lsa-da, jamiyatimizda zo‘ravonlikka qarshi o‘z kuchimiz va g‘oyalarimiz bilan hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Zo‘ravonlik – bizning jamiyatimiz uchun jiddiy xavf bo‘lib, siz yoshlar aynan ushbu masala bo‘yicha barqaror va kuchli pozitsiya egallashingiz kelajak uchun muhimdir. Har biringizning yozgan insholaringiz jamiyatimizga katta ahamiyatga ega bo‘lgan messenjdir, men sizlardan kelgusida ham bunday dolzarb masalalarda faol bo‘lishingizni so‘rab qolaman.”

Shundan so‘ng Fakultet dekani v.b. N.Utapovga so‘z navbati berildi. N.Utapov o‘z navbatida ushbu insholar tanlovida ishtirok etgan talaba-qizlarni tabriklab, har doim Filialda o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlarda faol ishtirok etishga chorladi. 

“Bugun Iqtisodiyot fakulteti talaba-qizlarining ijodiy imkoniyatlari, hayotiy bilimlari va ijtimoiy masalalarga munosabati bizga katta faxr bag‘ishladi. N.Ishanova ustozimizning sa’y-harakatlari tufayli fakultetimiz talaba-qizlari jamiyatimizning dolzarb masalalariga qiziqish bildirib, o‘z fikr-mulohazalari bilan faol qatnashmoqda. Kelajakda ham barcha talabalarga bilim olish va jamiyat uchun foydali bo‘lish yo‘lida faollik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.”

Ta'kidlash joizki, N.Ishanova fakultetda talaba-qizlarni barkamol va milliy qadriyatlarimizga sadoqatli qilib tarbiyalash, ularni yot g‘oyalar ta'siridan himoya qilish borasida o‘zining yuksak hissalarini qo‘shib kelmoqda. Tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar va 1-2-3-darajali diplomlar bilan taqdirlanib, ularga yuksak motivatsiya va shijoat bag‘ishlandi. Tanlov talaba-qizlar uchun zo‘ravonlikka qarshi o‘z pozitsiyalarini bildiradigan muhim bir maydon bo‘lib xizmat qildi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev


Foydali manzillar