Mini futbol turnirida do‘stlik g‘alaba qozondi
- Asosiy sahifa
- Yangiliklar
- Mini futbol turnirida do‘stlik g‘alaba qozondi
- Sport
- 2024-10-29
- 257
Mini futbol turnirida do‘stlik g‘alaba qozondi
Joriy yilning 28-oktabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifiat bo‘limi tomonidan "Besh tashabbus" olimpiadasi doirasida mini futbol bo‘yicha fakultetlararo Filial bosqichi o‘tkazildi. Ushbu musobaqada barcha fakultetlar jamoalari o‘zaro kuch sinashib, g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari O.Sulaymanbekov musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etib, barcha jamoalarga omad va muvaffaqiyat tilagan holda rasman musobaqaga start berdi.

Qur'a natijasiga ko‘ra, dastlabki o‘yinda Texnologiyalar fakulteti hamda Veterinariya meditsinasi fakulteti jamoalari o‘zaro bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoa esa keyingi turda Iqtisodiyot fakulteti jamoasi qarshi maydonga tushishi belgilandi.
Musobaqaning birinchi o‘yini shiddatli va teng kurashlar ostida o‘tdi. Har ikkala jamoa ham birinchi bo‘limda raqib darvozasi tomon xavfli hujumlar uyushtirdi. Dastlab Texnologiyalar fakulteti jamoasi hisobni ochdi, ammo tez orada Veterinariya meditsinasi fakulteti jamoasi a'zolari o‘z o‘yinini jonlantirib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Murosasiz kechgan bahs yakunida Veterinariya meditsinasi fakulteti jamoasi Texnologiyalar fakulteti jamoasi ustidan 2:3 hisobida g‘alaba qozondi. (Gollar: 1-0 A.Bobomurodov, 1-1 Sh.Qurvonaliyev, 2-1 J.Abdug‘aniyev, 2-2 Sh.Qurvonaliyev (P), 2-3 A.Ro‘zmetov.)
Texnologiyalar fakulteti jamoasi dastlabki bahsda imkoniyatni boy bergach, keyingi o‘yinda Iqtisodiyot fakulteti jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Ilk turdagi kuchli bahs Texnologiyalar fakulteti jamoasi a'zolarini toliqtirgani sezildi. Jamoa a'zolari Iqtisodiyot fakulteti jamoasi tomonidan uyushtirilgan kuchli hujumlarni bartaraf etishda qiyinchiliklarga duch kelishdi. Natijada, Iqtisodiyot fakulteti jamoasi birinchi bo‘limning o‘zidayoq raqib darvozasiga to‘rt marta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda Texnologiyalar fakulteti jamoasi raqiblariga qarshi pressing uyushtirib, ko‘proq gol kiritishga intildi. Iqtisodiyot fakulteti jamoasi a'zolari esa to‘pni ko‘proq nazorat qilib, keyingi bahs uchun kuchni tejashga harakat qildi. Shu tariqa musobaqaning ikkinchi turida Iqtisodiyot fakulteti jamoasi Texnologiyalar fakulteti jamoasini 7:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. (Gollar: 1-0 S.Abdurayimov., 2-0 S.Abdurayimov, 3-0 A.Botashov, 4-0 A.Botashov, 5-0 I.Husanov, 5-1 T.Bahronov, 6-1 B.Bahtiyorov, 7-1 I.Husanov, 7-2 D.Rajabaliyev.)


Keyingi uchrashuv — final maqomiga ega bo‘ldi. Ushbu hal qiluvchi o‘yinda Veterinariya meditsinasi fakulteti hamda Iqtisodiyot fakulteti jamoalari g‘oliblik uchun maydonga tushishdi. O‘yin davomida Veterinariya meditsinasi fakulteti vakili Sh.Qurvonaliyev o‘zining ajoyib o‘yini hamda raqib darvozasini ishg‘ol qilishga bo‘lgan intilishi bilan jamoadoshlari tomonidan alohida e'tirof etilgan bo‘lsa, Iqtisodiyot fakulteti jamoasi tarkibida harakatlangan I.Husanov raqib jamoa hujumlarini bartaraf etishi bilan yaqqol ajralib turdi. Shiddatli kechgan final bahsida Veterinariya meditsinasi fakulteti jamoasi 4:1 hisobida Iqtisodiyot fakulteti jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. (Gollar: 0-1 B.Mo‘minjonov, 1-1 S.Abdurayimov, 1-2 Sh.Qurvonaliyev, 1-3 Sh.Qurvonaliyev, 1-4 B.Mo‘minjonov.)
Musobaqa yakunida jamoalar quyidagi natijalarni qayd etishdi:
1-o‘rin — Veterinariya meditsinasi fakulteti jamoasi;
2-o‘rin — Iqtisodiyot fakulteti jamoasi;
3-o‘rin — Texnologiyalar fakulteti jamoasi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich ishtirok etib talabalarni sport musobaqalarida faol qatnashishga, birlashib, ahil jamoa bo‘lishga undadi. Shu bilan birga, sportning yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi ahamiyatiga alohida urg‘u berib, talabalarni har bir sohada, jumladan, ham sportda, ham ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda doimiy yutuqlarni qo‘lga kiritishga chaqirdi. "- Hurmatli talaba yoshlar, aziz musobaqa ishtirokchilari! Avvalo, barchangizni bugungi mazmunli musobaqa bilan tabriklayman. Sport nafaqat sog‘lom hayot tarzining muhim bir qismi, balki, insonlarda mustahkam iroda, birdamlik va hamjihatlikni shakllantiruvchi vosita hamdir. Bugungi musobaqa orqali sizlar bir-biringiz bilan do‘stona raqobatga kirishib, jamoaviy ruhda harakat qilishni o‘rgandingiz va natijada murosasiz, shiddatli bellashuvlar guvohi bo‘ldik. Bugungi musobaqada hamma g‘olib! Mana shunday qiziqarli va murosasiz o‘tgan bahsda ishtirok etishning o‘zi katta g‘alaba, ulkan yutuqdir! Ushbu musobaqada ishtirok etgan barcha fakultet talabalariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, sizlar, hammangiz g‘alaba sari intilib, ajoyib jamoaviy o‘yin ko‘rsatdingiz. Men bundan oldingi talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasini ham kuzatdim. Bugungi bahslarni ham ko‘rib yana bir bor ishonch hosil qilmoqdaman-ki Filialimizda haqiqiy sportchi talaba-yoshlar ko‘p ekan... Sport musobaqalarida faol ishtirok etish, doimo bir-biringizga ko‘makdosh, yelkadosh va ahil bo‘lish – bu nafaqat sportdagi, balki shaxsiy hayotdagi muvaffaqiyatlar uchun ham zamin yaratadi. Sizlardan kelgusida sportga bo‘lgan qiziqishingizni yanada kuchaytirib, Filialimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda faol bo‘lishingizni so‘rab qolaman. Yana bir bor bugungi musobaqada qatnashgan barcha jamoalarni tabriklayman. Birgalikda, ahil jamoa bo‘lib yanada ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritamiz!" -dedi Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich.




Filialda sentabr va oktabr oylari davomida o‘tkazib kelinayotgan "Besh tashabbus" olimpiadasi musobaqalari talabalarning jismoniy tayyorgarliklarini kuchaytirishga, ular o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Kelgusi noyabr oyida Yoshlar bilan ishlash ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi tomonidan uyushtirladigan "Direktor kubogi-2024" sport musobaqalari ham mazkur yo‘nalishda talaba-yoshlarga manzur bo‘lishi kutilmoqda.
Matbuot kotibi: A.Ergashev



O`zbekcha
English
Русский
