Xalqaro konferensiya muvaffaqqiyatli tarzda yakunlandi

Xalqaro konferensiya muvaffaqqiyatli tarzda yakunlandi

Joriy yilning 24-25-oktabr kunlari davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida o‘tkazilayotgan “Xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ilmiy nazorat qilish va dolzarb vazifalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi kuni ham samarali o‘tdi. Bugun xalqaro konferensiya doirasida "Oziq-ovqat mahsulotlarining mahalliy va global muammolari yechimlari" hamda "Oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirishning zamonaviy usullari" mavzularida jami ikkita sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Yig‘ilishlar davomida xalqaro va mahalliy ekspertlar, olimlar, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, qator ilmiy-tadqiqot institutlaridan vakillar zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash masalalarini muhokama qilishdi. Yig‘ilishda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlarini baholashda molekulyar biologiya, biokimyo va mikrobiologiya sohalaridagi eng yangi tadqiqotlar va texnologik yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Mahalliy va global oziq-ovqat xavfsizligi muammolariga bag‘ishlangan sho‘ba yig‘ilishida hozirgi kundagi eng dolzarb masalalar, xususan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlarida uchraydigan xavflarni kamaytirish, mahsulotlarning gigiyenik va sanitariya talablariga javob berishini ta’minlash, ularning tarkibida zararli moddalar miqdorini nazorat qilish bo‘yicha yangi strategiyalar va metodologiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Ushbu masalalar bo‘yicha mamlakatimiz va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yetakchi mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, birgalikda yechim izlash yo‘nalishida muhim taklif va tavsiyalar bildirdilar.

"Oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirishning zamonaviy usullari" mavzusidagi sho‘ba yig‘ilishida esa oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirishda foydalaniladigan zamonaviy usullar muhokama qilindi. Yig‘ilish ishtirokchilari oziq-ovqat sifatini nazorat qilishda xavfsizlik standartlarini saqlash va tekshirishdagi samaradorlik haqida batafsil ma’lumot olishdi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlik va innovatsion yondashuvlarni yanada kengaytirish imkoniyatlarini yaratib berdi. Shu bilan birga, yig‘ilish qatnashchilari muhokama etilgan dolzarb masalalar va ilg‘or usullarning nafaqat O‘zbekiston, balki, butun Markaziy Osiyo oziq-ovqat xavfsizligi tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdilar.

Matbuot kotibi: A.Ergashev


Foydali manzillar