Xalqaro konferensiyaning birinchi qismi muvaffaqqiyatli yakunlandi

Xalqaro konferensiyaning birinchi qismi muvaffaqqiyatli yakunlandi

Joriy yilning 24-25-oktyabr kunlari davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida “Xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ilmiy nazorat qilish va dolzarb vazifalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda. Ushbu xalqaro konferensiya nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va nazorat qilish borasidagi muhim ahamiyatga molik jarayondir.

Bugun xalqaro konferensiyaning dastlabki kunida yetakchi mutaxassislar hamda olimlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va ilmiy nazorat masalalariga doir ma'ruza va taqdimotlar, ilmiy-innovatsion yangiliklar xalqaro konferensiya ishtirokchilari e'tiboriga havola qilindi.

Xalqaro konferensiyani Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich o‘zining kirish so‘zi bilan ochib berdi. Filial direktori o‘z nutqida oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va ilmiy nazorat masalalari hozirgi kunda nafaqat milliy miqyosda, balki butun dunyo bo‘ylab dolzarbligi hamda "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgani, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini ta’minlash, xavfsizlik me’yorlarini kuchaytirish va ularni ilmiy-nazariy yondashuvlar asosida amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, konferensiyaning xalqaro miqyosda tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

-“Hurmatli mehmonlar va konferensiya ishtirokchilari, oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat mamlakatlar ichida barqaror rivojlanishni ta’minlashda, balki mintaqalararo barqarorlik va iqtisodiy xavfsizlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga bo‘lgan talab oshib borayotgani kuzatilmoqda, bu jarayon mintaqamiz uchun ham dolzarbdir. Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat milliy darajadagi, balki, global ahamiyatga ega bo‘lgan masala bo‘lib, ushbu muammo har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida qabul qilingan muhim qarorlar bizga oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-amaliy yondashuvlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini bermoqda. Mazkur xalqaro konferensiya esa ilmiy hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirib, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini ta’minlash, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish borasida muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi anjumanda ishtirok etayotgan barcha olimlar va mutaxassislarga minnatdorchilik bildiraman, ularning bugungi va ertangi yig‘ilishlarda o‘zlarining qimmatli tajribalarini ulashishlari, shubhasiz, kelgusidagi yutuqlarimizga zamin yaratadi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bugungi kunda samarali chora-tadbirlarni qo‘llash va ularni ilmiy asosda kuzatib borish zarurati mintaqamizda jiddiy muhokama qilinishi lozim deb hisoblayman. Xalqaro konferensiyaning natijalari mamlakatimizda va mintaqamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda yangi yondashuvlar va innovatsion ishlanmalar tatbiq etilishiga katta hissa qo‘shadi.” -dedi Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i A. Safarov tomonidan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yutuqlari va kelgusi rejalar haqida ma’lumotlar berildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, resurslarning chegaralanganligi, tabiiy ofatlar va iqtisodiy qiyinchiliklar mintaqa davlatlarini birlashtirib, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlashda ilmiy hamkorlikni kuchaytirishni talab etmoqda.

Ushbu xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yetakchi mutaxassislar, olimlar va soha ekspertlari ishtirok etib, oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish va nazorat qilishning zamonaviy ilmiy usullari, bu boradagi global tendensiyalar va yondashuvlar haqida qimmatli ma’lumotlar almashdilar.

Xalqaro konferensiya davomida Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qo‘shimchalarning sifati va muomala nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markazidan S.Ashurov, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti “Veterinariya sanitariya ekspertizasi” kafedrasi mudiri, dotsent F.Ibragimov, shu institutning “Veterinariya sanitariya ekspertizasi” kafedrasi dotsenti, veterinariya fanlari doktori U.Rasulov, shuningdek, Qozog‘iston milliy agrar universitetidan professor Dusenbay Azamat hamda Filialning “Hayvonlar morfofizologiyasi va yuqumsiz kasalliklar” kafedrasi mudiri, veterinariya fanlari nomzodi dotsent N.Turaboyev“Veterinariya ishini tashkil etish va veterinariya sanitariya ekspertizasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi O.G‘oyipovlar o‘z ilmiy ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Ularning ma'ruzalari mahalliy va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, veterinariya sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va nazorat mexanizmlarini tahlil qilish kabi muhim masalalarni qamrab oldi.

Tadbir davomida ma'ruzachilar oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlashda qo‘llaniladigan ilmiy yondashuvlar, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan tekshiruv va nazorat uslublari haqida qimmatli ma’lumotlar berdilar. Ushbu mavzularning muhokamasi xalqaro oziq-ovqat zanjirida sifatni ta’minlash, xavfsizlikka rioya qilish va sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini iste’molchilarga yetkazib berish kabi dolzarb muammolarni hal etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu bilan, xalqaro konferensiyaning muvaffaqqiyatli tarzda o‘tkazilgan birinchi kunida qator ilmiy ma'ruzalar tinglandi va amaliy tajriba almashish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Ertaga, 25-oktabr sanasida, oziq-ovqat mahsulotlarining mahalliy va global muammolari hamda zamonaviy tekshirish usullari bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari davom ettiriladi. Ushbu yig‘ilishlar mintaqaviy va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida yangi ilmiy va amaliy yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan bo‘ladi.

“Xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ilmiy nazorat qilish va dolzarb vazifalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha yangi yutuqlar va ilmiy ishlanmalarni kiritish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va global o‘zgarishlarga tezkor javob berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va oziq-ovqat mahsulotlarini zamonaviy standartlarga mos ravishda nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aynan ushbu konferensiyada muhokama qilingan dolzarb masalalar orqali yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Matbuot kotibi: A.Ergashev.


Foydali manzillar