Talaba-yoshlar bilan muloqot

Talaba-yoshlar bilan muloqot

Joriy yilning 21-oktabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich Yoshlar masalalari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari O.Sulaymanbekov hamrohligida talabalar turar joyida ijarada turuvchi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv davomida talabalarga yaqinlashib kelayotgan saylov jarayoni, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va bo‘sh vaqtni unumli o‘tkazish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha samimiy ruhda ochiq va erkin muloqot olib borildi.

Xabaringiz bor yaqinlashib kelayotgan 27-oktabr kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylov mamlakatimizning siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, "Mening tanlovim - obod Vatan" shiori ostida o‘tkazilmoqda. Aynan talabalar bilan suhbat jarayonida Filial direktori saylov jarayoni, unda ishtirok etishning huquqiy asoslari va ahamiyati haqida so‘z yuritib talabalarning fikr va mulohazalarini katta qiziqish bilan tingladi.

Tursagatov Jahongir Mamatovich saylov har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi ekanligini ta'kidlab, yosh talabalar kelajagimiz va mamlakat taraqqiyoti uchun saylovda faol ishtirok etishi zarurligini alohida qayd etdi. Yoshlarning siyosiy faolligi va ularning saylov jarayonidagi ishtiroki kelajakda mamlakat rivoji va xalq farovonligiga bevosita ta'sir ko‘rsatishini ta'kidladi.

Talabalar bilan muloqot jarayonida: "...Har bir ovoz - mamlakat kelajagi uchun muhim qadamdir. Yoshlarimizning siyosiy faolligi yurtimizning rivojlanishi va obodligi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi." -dedi Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich

Talabalarga ijara turar joyida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shu o‘rinda O.Sulaymanbekov Filial direktoriga ushbu ijara turar joyida elektr va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish, turar joylarning issiqlik tizimlari va umuman xavfsizlik choralariga jiddiy e'tibor qaratish maqsadida shaxsan o‘zining nazorati o‘rnatilganligini hamda doimiy ravishda talabalarning holidan xabar olib kelayotgamligini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, suhbat davomida darsdan tashqari bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Talabalarga sport, madaniy va ilmiy to‘garaklarga faol qatnashish orqali o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish, doimiy ravishda o‘z ustida ishlab harakatdan to‘xtab qolmaslik kerakligi ta'kidlandi. Tursagatov Jahongir Mamatovich bo‘sh vaqtni unumli rejalashtirish talabaning rivojlanishida muhim omil ekanini aytib, ularni faol hayot tarzini olib borishga undadi.

Uchrashuv davomida ota-onalar bilan muntazam aloqada bo‘lish, ularning qo‘llab-quvvatlashi talabalarning ta'lim jarayonidagi muvaffaqiyatiga bevosita ta'sir etishi muhokama qilindi. Mazkur uchrashuv talabalar uchun muhim va dolzarb masalalar yuzasidan qimmatli maslahat va tavsiyalar olish imkoniyatini yaratdi. Samimiy va ochiq muloqot esa talabalarning Filial rahbariyati bilan aloqalarini yanada mustahkamlab, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga ruhlantirdi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev


Foydali manzillar