“Koʻzga surtgum ustoz bosgan tuproqlarni”

“Koʻzga surtgum ustoz bosgan tuproqlarni”

Oliy ta'lim muassasalarida joriy yilning 2-8-oktyabr kunlari "Keksalarga hurmat – yoshlarga ibrat" degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgan "Keksalar haftaligi" o‘tkazildi. Ushbu haftalik Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali talabalarini ham chetlab o‘tmadi. Mazkur haftalik doirasida Filialimizning Veterinariya meditsinasi fakulteti talabalari fakultet tyutori Sh.Asqarova bilan birgalikda ta'lim tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat faoliyatini olib borgan faxriy ustozlarni ziyorat qilib, ularning holidan xabar oldilar.  Ushbu uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – keksa avlod vakillariga hurmat ko'rsatish, ularning hayotiy tajribasini yoshlar orasida targ‘ib qilish va yoshlar ongida faxriy ustozlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom hissini yanada yuksaltirishdan iboratdir. 

Ziyaev Faxriddin Badirovich 30 yil davomida oliy ta'lim tizimida katta o'qituvchi va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ziyaeva Mavjuda ona esa Zangiota tumanidagi 42-maktabda boshlang'ich sinf o'qituvchisi sifatida uzoq yillar davomida mehnat qilgan faxriy ustozlardandir. Ular butun hayotini ta'lim tizimiga bag‘ishlagan, faoliyatlari davomida ko'plab shogirdlar yetishtirgan, jamiyatda katta hurmat qozongan shaxslar hisoblanishadi.

Uchrashuv davomida talabalar faxriy ustozlarning hayotiy tajribalari, ularning yosh avlodga kerakli, muhim bo‘lgan tavsiyalari, ilm va kasbga bo'lgan hurmat haqidagi fikrlarini tingladilar. Shuningdek, Ziyaev Faxriddin Badirovich va Ziyaeva Mavjuda o'z hayotiy faoliyatlari, kasbiy yutuqlari va yillar davomida to'plagan tajribalari haqida so'zlab berishdi. Uchrashuv talabalar uchun katta saboq va ibrat maktabiga aylandi.

Bu kabi uchrashuvlar talabalarning keksa avlodga bo'lgan hurmat hissi yanada mustahkamlanib, ularning ma'naviy tarbiyasida katta ijobiy o'zgarishlar ro‘y berishiga xizmat qiladi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev

 


Foydali manzillar