“Yoshlar giyohvandlikka va yot g‘oyalarga qarshi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
- Asosiy sahifa
- Yangiliklar
- “Yoshlar giyohvandlikka va yot g‘oyalarga qarshi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
- Ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar
- 2024-10-09
- 198
“Yoshlar giyohvandlikka va yot g‘oyalarga qarshi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
Bugun 9-oktabr sanasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida "Yoshlar giyohvandlik va yot g'oyalarga qarshi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati bo‘yicha Toshkent shahri filiali vakili oliy toifali shifokor Intizorova Sayyora Nurmuxammadovna hamda Chilonzor tumani Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi mas’ul xodimi kapitan Mamadaliyev To'ranazar Soyibnazarovichlar mehmon sifatida ishtirok etishdi.



Davra suhbati talaba-yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olish, zararli odatlarga qarshi kurashish, yot g‘oyalardan himoyalanish uchun ma'naviy immunitetni mustahkamlash va huquqiy madaniyatni oshirish maqsadida tashkil qilindi.
Davra suhbatini Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktorning birinchi o‘rinbosari O.Sulaymanbekov hamda profilaktika katta inspektori podpolkovnik O‘.Xalikov kirish so‘zi bilan ochib berdilar. Dastavval, O.Sulaymanbekov bugungi davra suhbati talaba-yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va zararli odatlarga qarshi kurashish yo‘lida o‘tkazilayotganligi, yosh o‘sib kelayotgan avlod millatimiz kelajagining tayanchiligi, giyohvandlik – nafaqat inson sog‘ligini, balki jamiyatning barqarorligini va rivojlanishini ham xavf ostiga qo‘yuvchi global muammo ekanligini ta'kidlab o‘tdi. O.Sulaymanbekov nutqi davomida Filialda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida talabalarni yot g‘oyalardan himoya qilish, har bir yoshning ma'naviy immunitetini mustahkamlash, talabalarning dunyoqarashini kengaytirish va huquqiy bilimlarini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ustuvor vazifalardan biri ekanligini aytib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘.Xalikov so‘z olib: -"Bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri – giyohvandlik va uning yoshlar orasidagi tarqalishi bo‘lmoqda. Biz, profilaktika inspektori sifatida har doim siz, aziz yoshlarni giyohvandlikdan himoya qilish va uning yoshlar o‘rtasida taqalishini oldini olish bo‘yicha faol ishlar olib bormoqdamiz. Ammo, giyohvandlikka qarshi kurashda eng muhim vosita – bu sizning ongli ravishda bu illatdan uzoq turishingizdir. Giyohvandlik inson hayotini izdan chiqarib, jismoniy va ruhiy sog‘ligiga putur yetkazadi. Buning oqibatida oilalar vayron bo‘ladi, jamiyatga zarar yetadi. O‘zingizni va yaqinlaringizni bu xavf-xatardan asrash sizning qo‘lingizda. Biz profilaktika inspektorlari har doim sizlarni bu illatlardan uzoq tutish maqsadida ko‘plab targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdamiz. Bugungi o‘tkazilayotgan davra suhbatimiz sizlarga yanada foydali bo‘lishi uchun tegishli mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda soha mutaxassislarni taklif qildik" - dedi.
Tadbir davomida talabalar giyohvandlikning inson salomatligi va jamiyatga keltiradigan salbiy oqibatlari haqida, shuningdek, mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, giyohvandlikka qarshi kurashda joriy etilayotgan zamonaviy metodlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadbirlar xususida ekspertlardan to‘liq ma'lumotlar olishdi.




O‘zbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahri filiali narkologiya xizmati vakili oliy toifali shifokor S.Intizorova o‘z maruzalaridan birida shunday dedi: -"Narkologiya sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassis sifatida aytmoqchimanki, giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi insonni nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham inqirozga olib keladi. Bu illat bilan shug‘ullangan insonlar ko‘p hollarda o‘z hayotlari ustidan nazoratni yo‘qotadi. Giyohvandlik faqatgina bir shaxsning emas, balki butun bir oilaning, hattoki jamiyatning ham hayotini izdan chiqaradi. Shuning uchun har biringiz bu illatga qarshi kurashda o‘zingizni himoya qilishingiz, sog‘lom turmush tarzini tanlashingiz muhimdir".
Davra suhbati davomida giyohvanlik moddalari savdosi hamda iste'moli uchun qo‘llaniladigan muqarrar jazolar haqida fikr bildirgan Chilonzor tumani Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi mas’ul xodimi kapitan T.Mamadaliyev giyohvandlik – bu faqat bir kishining muammosi emas, balki jamiyatimiz xavfsizligiga katta tahdid soluvchi jiddiy jinoyatligini, Ichki ishlar vazirligi xodimi sifatida bu illatga qarshi kurashda faqat qonuniy choralar qo‘llashdan tashqari profilaktika ishlariga ham katta e'tibor qaratilayotganligini ta'kidladi. -"Yoshlarimizni ushbu yo‘ldan uzoq tutish va ularni zararli g‘oyalardan himoya qilishda har birimizning vazifamiz bor. Bugungi suhbatda men sizlarga giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar, ularning jamiyatga yetkazadigan zararlari va davlatimiz tomonidan olib borilayotgan kurash choralari haqida hayotiy misollar orqali tushuntirishlar beraman. Unutmang, davlatimiz uchun, biz ichki ishlar organi uchun har bir yoshning kelajagi muhimdir. Aziz talaba-yoshlar kelajagingizni sog‘lom turmush tarzi va bunyodkor g‘oyalar bilan mustahkamlang!"
Davra suhbati davomida giyohvandlikning og‘ir asoratlari haqida hikoya qiluvchi videofilm namoyish qilindi. Talabalarning giyohvandlikka qarshi kurashishda oliy ta'lim tizimining o‘rni haqidagi muhim taklif va mulohazalari tinglandi.
Matbuot kotibi: A.Ergashev



O`zbekcha
English
Русский
