Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha davra suhbati tashkil qilindi

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha davra suhbati tashkil qilindi

Bugun 18-sentyabr sanasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan muhim davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich, profilaktika katta inspektori podpolkovnik O‘.Xalikov hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi 4-batalion komandiri mayor Ismailov Rustam Ulug‘bekovich, 4-batalion komandiri o‘rinbosari Soipov Odiljon To‘xtaboyevich hamda ushbu batalion Kardlar guruhi katta metodisti leytinant Razzoqov Jahongir Abdumuminovichlar bevosita ishtirok etdi. 

Davra suhbati davomida talabalarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilish, yo‘llarni kesib o‘tayotganda piyodalar uchun belgilangan o‘tish joylaridan o‘tish, shuningdek, yo‘lni kesib o‘tayotganda mobil telefon, quloqchin kabi chalg‘ituvchi qurilmalardan foydalanmaslik bo‘yicha tushuntirish va ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birgalikda qoidabuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan ma’muriy va jinoiy javobgarliklar hamda jarimalar haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim qilindi.

Davra suhbati davomida Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovichga so‘z navbati berildi. Filial direktori o‘z ma’ruzasida talabalarga nafaqat o‘qishga kelib ketishda, darsdan bo‘sh vaqtlarida yashash joylarida, ijara xonadonlarida, savdo markazlariga, muzey, ko‘ngilochar bog‘ va istirohat bog‘lariga tashrif buyurishganida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishda alohida xushyor bo‘lishlari kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, o‘zlarining xavfsizliklari uchun ham, qolaversa, ota-onalari hamda oila a’zolarining hotirjamligi, tinchligi uchun ham talabalardan yo‘l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘radi. Filialning Zangiota va Chilonzor tumanlarida joylashgan o‘quv binolari haqiqatdan ham serqatnov yo‘l bo‘yida joylashganligini eslatgan holda, talabalarni hamda professor-o‘qituvchilarni o‘z xavsizliklari uchun yo‘lni kesib o‘tayotganda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. 

Shundan so‘ng, Profilaktika katta inspektori podpolkovnik O‘.Xalikov so‘z olib, talabalarning yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlari bo‘yicha huquqiy ongini yuksaltirish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining mas’ul rahbar va xodimlari davra suhbatiga taklif qilinganligini ta'kidlab so‘z navbatini Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi 4-batalion komandiri mayor Ismailov Rustam Ulug‘bekovichga berdi. R.Ismailov yo‘l xarakati xavfsizligiga doir qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarish va yangiliklarni talabalar bilan bo‘lishdi. Talabalardan har doim yo‘l harakati xavfsizligiga qat'iy rioya qilishlari kerakligini so‘radi. Shu bilan birga muhim statistik ma'lumotlarni talabalar ixtiyoriga havola qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tgan 2023-yil davomida 9,902 ta yo‘l harakati hodisalari ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 1% kamaygan bo‘lib, shuningdek, o‘lim bilan yakunlangan holatlar soni ham 5.1% kamaygan. Jami 2,086 nafar inson yo‘l-transport hodisalarida vafot etgan. Shuningdek, 9,606 nafar inson jarohat olgan. Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish bo‘yicha maxsus tadbirlar o‘tkazib kelinayotganligiga qaramasdan fuqarolarda shaxsiy mas'uliyat kuchaymaganligini ta'kidlab o‘tdi. 

Davra suhbati davomida talabalar o‘zlariga qiziq bo‘lgan savollarga javob oldilar, shu bilan birga, ularning huquqiy ongi va yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha bilimini oshdi. Tadbir yakunlarida, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishning ahamiyati yana bir bor rasmiylar tomonidan ta’kidlandi. Qolaversa, talabalar yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlari bilan birgalikda jamiyatda xavfsizlikni ta’minlashda ham o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkinligi ta’kidlandi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev.

 


Foydali manzillar