Kiberxavfsizlik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi

Kiberxavfsizlik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi

Bugun biz zamonaviy texnologiyalar asrida dolzarb bo'lgan kiberjinoyatlar soni ortayotgan davrda yashayapmiz. Xohlaysizmi, yo‘qmi? Bugun kiberjinoyatchilarning aldovi qurboni bo‘lib qolmaslik uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha savodxonligimizni oshirib borishga majburmiz. Ayniqsa, aholi qatlamlari orasida yosh talabalar kiberjinoyatchilarning hiyla va nayranglariga aldanib qolmaslik uchun muntazam ravishda kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha bilimini oshirib borishi zarurdir. Sababi Toshkent shahri IIBB Kiberxavfsizlik bo'limining so‘nggi ma'lumotlariga qaraganda kiberjinoyatchilarga aldanib qolganlarning teng yarmini talabalar tashkil qilib kelmoqda. Talabalarning kiberjinoyatlar qurboni bo‘lib qolishini oldini olish maqsadida joriy yilning 12-sentyabr kunida Filialda Profilaktika katta inspektori podpolkovnik O‘.Xalikov tomonidan Toshkent shahri IIBB Kiberxavfsizlik bo'limi xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni Yoshlar masalalari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari v.v.b. O.Sulaymanbekov ochib berdi. O.Sulaymanbekov bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda kiberjinoyatlar soni ortib, ko‘plab fuqarolar moddiy zarar ko‘rayotganligini ta'kidladi. Kiberjinoyatchilar aldovi qurboni bo‘lib moddiy zarar ko‘rmaslik hamda ortiqcha vaqt zoye qilmaslik uchun bugun o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarda kiberxavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘lib olish lozimligini talabalarga tushuntirdi. Shundan so‘ng, Toshkent shahri IIBB Kiberxavfsizlik bo'limi xodimlariga so‘z berildi. Tadbirda mutaxassislar tomonidan axborot xavfsizligini ta'minlash, internetdagi tahdidlarning oldini olish, va shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish borasidagi muhim masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, 
- Ma'lumotlar xavfsizligi bo‘yicha yangi texnologiyalar;
- Kiberhujumlarning oldini olish choralari;
- Shaxsiy ma'lumotlarning himoyasi va maxfiylik;
- Ijara xonadonlariga joylashish jarayonidagi elektron to‘lov qilishda ehtiyotkorlik
masalalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar talabalarga taqdim etildi.

Davra suhbati davomida mutaxassislar o'z tajribalarini talabalar bilan o'rtoqlashib, dolzarb muammolar va ularning yechimlari haqida keng fikr almashdilar. Davra suhbati so‘ngida profilaktika katta inspektori O‘.Xalikov davra suhbatini tashkillashtirishda yaqindan yordam berib, talabalarga qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim qilgan Toshkent shahri IIBB Kiberxavfsizlik bo'limi xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, O‘.Xalikov tadbirga yig‘ilgan talabalardan kiberxavfsizlik bo‘yicha bugungi davra suhbatida mutaxassislar tomonidan olingan ma'lumotlarni boshqa talabalarga yetkazishni so‘radi.


Foydali manzillar