Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovichning so‘zlagan nutqi

Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovichning so‘zlagan nutqi

 

 

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va
biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali professor-o‘qituvchilari va talabalariga!

Aziz yurtdoshlar, ustozlar hamda talabalar!

O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan sizlarni chin qalbimdan tabriklayman! Mustaqillik yillari davomida Vatanimiz iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Bu yutuqlar har birimizning hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki har birimiz bu rivojlanish va taraqqiyot, yutuqlardan yanada ilhomlanib o‘z faoliyatimizda olg‘a intilamiz.

Shu bilan birgalikda bizning Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali jamoasi ham yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilish yo‘lida katta maqsad va marralarni ko‘zlab oldinga harakatlanmoqda. Filialimiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-oktyabrdagi “Samarqand veterinariya meditsinasi intitutining Toshkent filialini tashkil etish to‘g‘risidagi” 840-sonli qaroriga asosan tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi PQ-187-son qaroriga asosan Filialimizga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali maqomi berildi.

Filialda hozirgi kunda bakalavriat bosqichida kunduzgi, sirtqi, kechki ta’lim yo‘nalishlarida 17 ta, magistratura bosqichi bo‘yicha 12 ta yo‘nalishda talabalar ta’lim olishmoqda. FIlialimiz faoliyatini boshlaganiga endigina 5 yil bo‘lgan bo‘lsada talabalarning sonining o‘sish sur’ati jadallashib bormoqda. Xususan, joriy 2024-2025 o‘quv yilidan jami talabalar soni qariyb 3 ming nafardan ortiqni tashkil qilmoqda.

Muhtaram mehmonlar, qadrli talabalar va professor-o‘qituvchilar! Bugungi bayram nafaqat O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrami, balki har bir fuqaroning sharafi va g‘ururi timsolidir. Mustaqilligimiz bizga erkin fikrlash, yangi cho‘qqilarni zabt etish, yurtimiz taraqqiyotida o‘z hissamizni qo‘shish imkonini berdi. Davlatimiz Rahbarining mamlatimizda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan keng ko‘lamli islohlari hamda g‘amxo‘rliklari Siz-u bizga alohida g‘urur va ixtifor bag‘ishlaydi! Shunday ekan, barcha veterinariya va chorvachilik sohalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar yurtimiz ravnaqi yo‘lida jipslashib, birlashib harakat qilishimiz lozimdir.

Aziz talabalar! Sizlar mamlakatimizning kelajagi va istiqboli, Vatanimiz uchun katta masuliyat egalarisiz. Mustaqilligimizni qadrlash va uning muhofazasi yo‘lida hamisha faol va bilimli bo‘lishingizga ishonamiz.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar! Sizlarning mehnatlaringiz samarasi o‘laroq, yurtimizda bilimli, salohiyatli va vatanparvar yoshlar yetishib chiqmoqda. Sizlarning doimiy mehnatingiz va bilimingiz evaziga yangi avlodlar tarbiyalanmoqda, bu esa mamlakatimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.

Muhtaram mehmonlar! Mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasini keng ko‘lamli rivojlantirish maqsadida soha uchun malalakali kadrlarni tayyorlash yo‘lida bizning Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali bilan muvaffaqqiyatli hamkorlik aloqalarini olib borayotganligingiz uchun alohida minnatdorchilik izhor etaman! Birgalikda ta’lim va amaliyot jarayonlarining olib borilishi soha uchun xizmat qiladigan yosh kadrlarning yetuk va ilg‘or bo‘lishini ta’minlaydi.

Qadrli Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialiga talabalikka tavsiya qilingan yosh, shijoatli va tashabbuskor talabalar! Sizlar yangi sharafli yo‘lga qadam qo‘ydingiz! Bu yo‘lda Sizlarga Men boshchiligimda Filial rahbariyati hamda o‘z sohasining malakali professor-o‘qituvchilari ko‘makchi bo‘ladilar. Sizlar O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimidagi idora va tashkilotlar uchun yangi qon, yangi kadrsizlar. Ushbu 4 yillik bakalavriat ta’lim bosqichi davomida Sizlar bizning oliy ta’lim muassasamizda o‘qishni tamomlab veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiya hamda bir qator ko‘plab sohalardagi mamlakatimizda eng nomdor va yaxshi ish o‘rinlarini egallash imkoniyatiga ega bo‘lasizlar. Bu yo‘lda barchangizga ulkan muvaffaqqiyat va omad tilayman!

Aziz Vatandoshlar! Ushbu qutlug‘ bayramda barchangizga tinchlik, osoyishtalik, baxt va omad tilayman. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Yangi marralar va yuqori natijalar sari birgalikda harakat qilamiz!

Tursagatov Jahongir Mamatovich,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali direktori


Foydali manzillar