"Mustaqillik darslari" va "Birinchi kurs maktabi" tadbirlari o‘tkazilmoqda

"Mustaqillik darslari" va "Birinchi kurs maktabi" tadbirlari o‘tkazilmoqda

Yangi 2024-2025 o‘quv  yili Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlandi.  Joriy yilning 9-sentyabr kunidan boshlab talabalarga  “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda”  g‘oyasining mohiyati mavzusida “Mustaqillik darslari” o‘tilmoqda. “Mustaqillik darslari” Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuborilgan mashg‘ulot materiallari asosida tizimli tashkil etilgan bo‘lib, “Mustaqillik darslari”da Veterinariya va chorvachilik sohalarida mehnat faoliyatlarini olib borayotgan professor-ustozlar, soha faxriylari hamda jamiyatimizning taniqli, faol jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda. Xususan, o‘quv yilining dastlabki kuni  9-sentyabr sanasida Filial direktori Tursagatov Jahongir Mamatovich boshchiligida professor-o‘qituvchilar talabalarga “Mustaqillik darslari bo‘yicha ma'ruza qildilar.

Mustaqillik darslarida mamlakatimiz tomonidan erishilgan yutuqlar “kecha” va “bugun” talqinida talabalarga taqdimot qilindi. Unda Yangi O‘zbekistonda ta'lim, ilm-fan, iqtisodiyot, sport, madaniyat va san'at hamda boshqa sohalar qatori veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohalariga berilayotgan e'tibor, amalga oshirilayotgan islohotlar sarhisob qilindi.

Mustaqillik darslari bilan bir qatorda Filialda 1-kursga qabul qilingan talabalarga oliy ta’lim muassasida o‘qish qanday tashkil etilishi, talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi, talabalarning huquq va majburiyatlari nimalardan iboratligi kabi savollarga javob berish uchun “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarni fakultet dekanlari, yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar 1-kurs talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan holda olib bordilar. Uchrashuvlarda talabalarga Filial to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Filialda olib borilayotgan ishlar, fan to‘garaklari, ijodiy va badiiy to‘garaklar, kafedralar faoliyati va kredit-modul tizimi haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari reja asosida 1 hafta mobaynida o‘tkazib boriladi.

 

Matbuot kotibi: A.Ergashev

 

 


Foydali manzillar