Direktor Murojaati

Direktor Murojaati

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialida 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda.

Aziz abituriyentlar!


Qabul jarayonlariga oid barcha ma’lumotlarni tezkor va ishonchli yetkazish maqsadida universitetimizda “Maslahat markazi” va “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Siz ushbu markazlar orqali qabul shartlari, ta’lim yo‘nalishlari, kasbiy (ijodiy) imtihonlar hamda ta’lim jarayoniga oid barcha savollaringiz bo‘yicha batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Filialda qabul jarayonlari, jumladan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish yuksak mas’uliyat, xolislik va halollik tamoyillariga asoslanadi. Har bir abituriyentning bilim va salohiyati adolatli baholanishi biz uchun ustuvor vazifadir.

Hurmatli ota-onalar!
So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari to‘liq shaffoflik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etib kelinmoqda. Shu bois, turli noqonuniy va ishonchsiz takliflarga aldanib qolmaslikka chaqiramiz. “O‘qishga kiritib qo‘yish”, “yuqori ball olib berish” kabi yolg‘on va asossiz va’dalarga ishonmang. Bunday holatlar firibgarlikning yaqqol ko‘rinishidir. Eng muhimi, farzandlaringizni faqat o‘z bilim va qobiliyatiga tayanishga undang.

Aziz yoshlar!
Maqsadingiz sari dadil intiling. Unutmang, oliy ta’limga kirish faqat o’z bilimingiz, iste’dodingiz va halol mehnatingiz orqali amalga oshadi. Barcha abituriyentlarimizga talabalik baxti nasib qilsin!

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali direktori, professor
Yuldashov Nurbek Ergashovich